Yana energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi

Foto: Departamnet.uz

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning xabariga ko’ra, Nukus shahrida faoliyat yurituvchi “P.F.” MCHJ mas’ul shaxslari maktabgacha ta’lim muassasasida davlat standartlariga javob bermaydigan yaroqsiz gaz hisoblash uskunasini o‘rnatib, 200 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

Departamentning To‘rtko‘l tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa tuman ETK muhandisi T.I. YATT N.T.ning savdo do‘koniga yangi elektr hisoblagich uskunasini o‘rnatib, hisoblagich o‘rnatilganligi to‘g‘risida qalbaki dalolatnoma tuzib, N.T.ga jami 69 mln so‘mlik elektr energiyasidan qonunga xilof ravishda foydalanishga sharoit yaratib berganligi aniqlangan.

Departamentning Qorao‘zak tumani bo‘limi tomonidan “O‘zenergoinspeksiya” hududiy boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda “R.s.” va “V.M.” MCHJ mas’ul shaxslari elektr suv nasoslarini umumiy foydalanishdagi tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulab, 70 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.