Toshkentda “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi

Фото: Пресс-служба президента

“Toshkent shahrida “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident Qarori (PQ-138-son, 20.03.2024 y.) qabul qilindi, deb xabar bermoqda “Huquqiy axborot” portali.

Unga ko‘ra, Toshkent shahri Yangihayot tumanida “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi (“Yangi avlod” MSZ) tashkil etiladi (faoliyat yuritish muddati 30 yil).

MSZ faoliyati davomida uning ishtirokchilariga maxsus iqtisodiy zonalari ishtirokchilari uchun belgilangan alohida soliq, bojxona imtiyozlari va boshqa preferensiyalar tatbiq etiladi.

MSZni boshqarish uchun mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida “Yangi avlod” boshqaruvchi kompaniyasi tashkil etiladi.

“Yangi avlod” MSZ hududida investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun zarur bo‘lgan yer uchastkalari boshqaruvchi kompaniya tomonidan “Ye-auksion” elektron savdo platformasi orqali ijaraga beriladi.

MSZ hududida 2025-yil yakunigacha 1,5 milliard AQSh dollari miqdorigacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari o‘zlashtirilishi, natijada 2,5 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi ta’minlanadi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.