Saidikrom Niyozxo‘jayev O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchisi etib tayinlandi
O‘zbekistonning yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Saidikrom Niyozxo‘jayev Qirg‘iziston poytaxtiga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Saidikrom Niyozxo‘jayev Bishkekka tayinlanishidan oldin, 2018-yildan buyon O‘zbekistonning Qozog‘istondagi Favqulodda va Muxtor elchisi lavozimida ishlab kelayotgan edi. Tajribali diplomat 2024-yil avgust oyida amalga oshirilgan ulkan ishlar va ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun Qozog‘iston Prezidentining farmoni bilan II darajali “Dostiq” ordeni bilan taqdirlangan.
Elchi Saidikrom Niyozxo‘jayev 59 yoshda. Toshkent politexnika institutini (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti) tamomlagan. 2015-yilda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari etib tayinlanguniga qadar Prezident Administratsiyasi va hukumat tuzilmalarida mas’ul lavozimlarda, jumladan, davlat maslahatchisi o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Saidikrom Niyozxo‘jayev 2020—2024-yillarda mamlakatimizning Bishkekdagi diplomatik missiyasiga rahbarlik qilgan Xurshid Mirzohidov o‘rniga tayinlandi.
Sharhlar