O‘zbekiston mustaqilligi uchun kurashgan vatanparvar ajdodlarimiz xotirasini minnatdorlik bilan yodga olamiz – Mirziyoyev
“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida mamlakatimiz davlat mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlangan bayram shodiyonasi bo‘lib o‘tmoqda.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlamoqda.
Davlatimiz rahbari ko‘p millatli xalqimizni bugungi ulug‘ ayyom bilan chin qalbdan tabriklab, barchaga o‘zining yuksak hurmati, ezgu tilaklarini izhor etdi.
“Mana shu hayajonli daqiqalarda hammamiz milliy istiqlolimiz naqadar bebaho ne’mat ekanini, uning tarixiy ahamiyatini yanada chuqur his etmoqdamiz. Aynan mustaqillik tufayli milliy davlatchiligimiz qayta tiklandi. O‘zbekiston yangi tarixiy davrga qadam qo‘ydi. Aynan istiqlol tufayli jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladik. Bu bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi”, – dedi Prezident.
Davlat rahbari fikrlarini davom ettirar ekan,
“Shunday qutlug‘ kunda O‘zbekiston mustaqilligi uchun kurashgan vatanparvar ajdodlarimiz xotirasini minnatdorlik bilan yodga olishimiz tabiiy, albatta. Ular – o‘z xalqini taraqqiyot sari boshlagan jadid bobolarimiz, milliy ozodlik yo‘lida jon fido etgan ulug‘ ajdodlarimizdir. Ular – g‘oyat og‘ir sharoitda ham milliy istiqlol va hurriyat g‘oyalariga sodiq qolgan qahramonlarimizdir. Bugun ularning ezgu g‘oya va tamoyillariga tayanib, yangi hayot, yangi jamiyat poydevorini yaratmoqdamiz. Bu fidoyi zotlarning nomlarini hech qachon unutmaymiz! Ularning xotirasi qalbimizda, yuragimizda hamisha yashaydi!” – deya qo‘shimcha qildi.
Sharhlar