Yangi realizatsiya qilingan yer uchastkalariga nisbatan yer solig‘i stavkasi 50 foiz miqdorida qo‘llanadi
Prezidentning “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda yer resurslarining investitsiyaviy imkoniyatlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (PF-135-son, 06.09.2024 y.) Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijara huquqi asosida sotib olish qiymatini quyidagi shartlarda har oyda teng ulushlarda, qoldiq summaga Markaziy bankning asosiy stavkasida foiz hisoblagan holda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi:
- Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida – 3 yil davomida kamida 35 foiz miqdorida dastlabki to‘lovni 15 ish kunida amalga oshirish sharti bilan;
- boshqa aholi punktlarida – 5 yil davomida, 4- va 5-toifalardagi tumanlarda esa 10 yil davomida kamida 15 foiz miqdorida dastlabki to‘lovni 15 ish kunida amalga oshirish sharti bilan.
Shuningdek, barcha turdagi yer uchastkalarining qiymati 15 ish kunida to‘liq to‘langan taqdirda, jami summaga nisbatan 20 foiz chegirma beriladi.
Joylardagi hokimliklarga sanoat zonalari, aholi punktlari hududlarining qismlari, xususan, yangi barpo etiladigan ko‘p kvartirali va yakka tartibdagi uy-joy massivlari, savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari hududlarini shaharsozlik jihatidan rejalashtirish ishlariga belgilangan shartlarga muvofiq loyiha tashkilotlarini eng yaxshi takliflarni tanlash asosida jalb qilish huquqi beriladi.
Farmonga ko‘ra, xususiy investorlar tashabbusi bilan yangi massivlarni barpo etishda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar belgilangan asosiy shartlarga muvofiq rasmiylashtiriladi.
Bunda, xususiy investorga tegishli yer uchastkalari hamda ular oralig‘ida joylashgan ko‘p kvartirali uylarga tutash yerlar va umumiy foydalanishdagi yerlar Ko‘chmas mulkni birlashtirish va uning yangi chegaralarini belgilash dalolatnomasi asosida yagona yer uchastkasiga birlashtiriladi.
Belgilangan hollarda yangi massivlar, qoida tariqasida, bo‘sh turgan yer uchastkalari o‘rnida tashkil etiladi, bunda loyiha yangi massiv hududidagi yer uchastkalarini davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan yagona yer uchastkasiga birlashtirish orqali amalga oshiriladi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini mulk huquqi, ijara huquqi va doimiy foydalanish huquqi bilan yangidan ajratishda belgilangan asosiy shartlar asosida mazkur yer uchastkasida bino va inshootlarni loyihalash, qurilishni boshlash va yakunlash hamda obyektni foydalanishga topshirish muddatlari majburiy ravishda ko‘rsatiladi.
Yangi realizatsiya qilingan yer uchastkalariga nisbatan obyektni foydalanishga topshirish davriga teng bo‘lgan, biroq 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatda yer solig‘i stavkasi 50 foiz miqdorida qo‘llanadi.
Sharhlar