Yaponiyaning mashhur teleko‘rsatuvi O‘zbekiston haqida ko‘rsatuv tayyorlamoqda
Yaponiyaning mashhur “Jahon merosi” teleko‘rsatuvi ijodkorlari O‘zbekistonning boy turizm salohiyati haqida turkum filmlar tayyorlash uchun O‘zbekistonga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ijodiy guruhning sayohati O‘zbekistonning Tokiodagi elchixonasi tomonidan Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ma’lumot uchun, “Jahon merosi” teleloyihasi 1996-yildan buyon Yaponiyaning “TBS” teleradiokompaniyasi tomonidan YuNESKOning Butunjahon merosi markazi bilan hamkorlikda tayyorlanib, efirga uzatilib kelinmoqda. Bugungi kunga qadar TBS 134 mamlakatda joylashgan 690 ta madaniy yodgorlik haqida 1000 dan ortiq filmlar tayyorlagan va efirga uzatgan.
“The World Heritage” ijodiy jamoasi Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘lib, mamlakatimizning betakror me’moriy obidalari, boy tarixiy merosi va go‘zal tabiati haqida HD, 3D va 4K formatlarida video materiallar to‘plamoqda. Ushbu rang-barang kadrlar kelgusi yili Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi davomida efirga uzatiladi.
Ayni paytda dunyo ahli O‘zbekistonning madaniy yodgorliklari bilan tanishishi va ularni kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashi uchun “Videomeros” maxsus raqamli kutubxonasini yaratish bo‘yicha muhokamalar davom etmoqda.
Avval Elchixona ko‘magida 2023-yil 27-sentabrdan 1-oktabrgacha Yaponiya televideniyesining “Crazy Journey” ko‘rsatuvi ijodkorlarining O‘zbekistonga gastrol safari muvaffaqiyatli tashkil etilgan edi. Toshkent, Samarqand va Xiva shaharlari haqida tayyorlangan film joriy yilning aprel oyida ikki hafta davomida TBS teleradiokompaniyasi tomonidan qayta-qayta efirga uzatilib, Yaponiya jamoatchiligida O‘zbekistonga qiziqish ortdi.
Sharhlar