Yaqqol belgilarsiz rivojlanadigan xavfli kasalliklar haqida bilasizmi
Zamonaviy tibbiyotda o‘ta xavfli hisoblangan kasalliklarni ham samarali muolaja qilish yo‘llari topilmoqda. O‘z navbatida, davolash mumkin bo‘lgan xastaliklar oqibatida hayotdan ko‘z yumayotgan yoki umrbod to‘shakka mixlanib qolayotganlar ham bor.
Xabarga ko’ra, ba’zi patologiyalarni dastlabki rivojlanish bosqichida ilg‘ash qiyin. Chunki ular aksariyat hollarda aniq simptomlarsiz kechadi. Saraton, ateroskleroz va jigar kasalliklari shular sirasidan.
Masalan, saratonga erta bosqichda aniq tashxis qo‘yish uchun tizimli tibbiy tekshiruvlar talab etiladi. U yaqqol belgilarsiz rivojlanishi mumkin. Xususan, oshqozon osti bezi va yo‘g‘on ichak saratoni xavfli bosqichga o‘tgunga qadar, odatda, birmuncha “sokin” bo‘ladi va xuddi shunday holat aterosklerozga ham tegishli. Negaki, u tegishli “signal”larsiz namoyon bo‘ladi.
Jigar xastaliklari alomatlari ham darhol sezilmaydi. Boisi bu organda og‘riq retseptorlari yo‘q.
Yuqorida sanalgan kasalliklar ro‘yxatida gipertoniya ham bor. To‘g‘ri, ba’zi bemorlar qon bosimi sal oshgani zahoti o‘zini noxush his qilib, yaqqol belgilarni his qiladi. Ammo ayrimlar arterial bosimi 200 mm simob ustuniga ko‘tarilmaguncha, organizmida hech qanday o‘zgarishni ilg‘amasligi mumkin.
Ma’lumot uchun, ushbu kasalliklarini erta va aniq tashxis orqali samarali davolasa bo‘ladi. Buning uchun aholi vakillari har yili chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvlardan o‘tib turishi zarur.
Sharhlar