O‘zbekistonda qasddan badanga yengil shikast yetkazganlik uchun javobgarlik yengillashtirilmoqda
7-oktabr kuni imzolangan qonun bilan Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Unga ko‘ra, kodekslarga sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoiy qilmishni jinoiy jazo tarkibidan chiqarib, uni ma’muriy huquqbuzarlik toifasiga o‘tkazishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, mazkur huquqiy normani yangi tavsifiy belgilar bilan to‘ldirish, yarashuv institutiga kiruvchi ma’muriy huquqbuzarliklar doirasini kengaytirish belgilanmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ushbu huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa:
- BHMning 5 baravaridan 25 baravarigacha miqdorda jarima solishga;
- 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Sharhlar