Yer osti boyliklarini ko’proq o‘zlashtirish uchun shu yil 300 ta kon va maydonlar tadbirkorlarga taklif qilinadi

Foto: prezident.uz

Yiliga 250 trillion so‘mdan ziyod davlat xaridlari amalga oshirilmoqda. Shu bois, davlat xaridlarida mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish vaqti keldi.

Kelgusi yilgi davlat investitsiya dasturidagi har bir loyiha bo‘yicha mahalliy mahsulotlar ulushi qancha bo‘lishi aniq belgilanadi. Davlat xaridida endi mahalliy mahsulot ulushini oshirish rag‘batlantiriladi.

Jumladan, energetika, neftgaz, kimyo, metallurgiya, temir yo‘l kabi tarmoqlardagi yirik korxonalar 2-3 yillik buyurtmalarini kooperatsiya portaliga oldindan joylashtiradi.

Mahalliy korxonalar esa ushbu buyurtmalar asosida yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Ularning loyihalariga dastlabki bosqichda 100 million dollar yo‘naltiriladi.

So‘nggi yillarda energetika sohasida xususiy sektorga yo‘l ochilishi orqali 3,5 milliard dollarlik xususiy sheriklik loyihalari ishga tushdi va yana 31,5 milliard dollarlik 50 ta loyiha bo‘yicha ishlar jadal davom etmoqda.

Hududiy elektr tarmoqlarining boshqaruvini xususiy sektorga berishda amaliy bosqich boshlanadi. Xususan, oktyabrda Samarqand viloyatidagi elektr tarmoqlariga xususiy operator jalb qilish bo‘yicha tender e’lon qilinadi. Kelgusi yil Jizzax va Sirdaryoda ham xuddi shunday ishlar amalga oshiriladi.

Shuningdek, yer osti boyliklarini o‘zlashtirishga tadbirkorlarni keng jalb etib, ishlab chiqarishni ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi.

Shu yilning o‘zidayoq 150 tadan ortiq kon va maydonlar tadbirkorlarga sotildi. Yil yakunigacha yana 300 ta kon va maydonlar tadbirkorlarga taklif qilinadi. Qurilishda qum-shag‘alga ehtiyojni qoplash maqsadida 110 million kub metr zaxirali 172 ta kon ham tadbirkorlik uchun ajratiladi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.