Yerni noqonuniy sotayotgan shaxslar qo’lga tushdi
Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida yashovchi shaxs o‘zganing tekstil mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan MCHJga qarashli, Farg‘ona shahridagi aksiyadorlik tijorat banklaridan birida garovda turgan 12 sotix yer maydonini 130 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 109 ming AQSH dollarini olgan vaqtida dalillar bilan ushlandi.
Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi fuqaro esa tumandagi g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikning sug‘oriladigan yer maydonidan 50 sotixini 80 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, kadastr idoralaridagi tanishlari orqali hujjatlarini rasmiylashtirib berishini aytib, kelishilgan pul mablag‘idan 30 ming AQSH dollarini olgan paytida qo’lga tushdi.
Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani hokimligining qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari chorvachilik yo‘nalishida foydalanish maqsadida fuqaroga tuman hokimligi zaxirasidagi 25 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilib, 5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sharhlar