Yevrosiyo patent tashkiloti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi

Foto: Adliya Vazirligi

Adliya vaziri o‘rinbosari M.Ikramov boshchiligidagi delegatsiya 9–17-iyul kunlari bo’lib o’tayotgan Butunjahon intellektual mulk tashkilotiga a’zo davlatlar Bosh assambleyasi yig‘ilishining 65-sessiyasi doirasida Adliya vazirligi va Yevrosiyo patent tashkiloti (YPT) o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzoladi.

Yevrosiyo patent tashkiloti mintaqaviy tashkilot bo‘lib, YPT 1995-yil 12-avgustda tashkil etilgan va ixtiro va sanoat namunalari sohasida ixtisoslashgan tashkilot hisoblanadi. Bugungi kunga qadar 8 ta davlat, xususan, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston, Ozarbayjon, Armaniston va Turkmaniston ushbu tashkilotning a’zosidir.

YPT patentlar bo‘yicha talabnomalarni ekspertizadan o‘tkazadi va YPTga a’zo bo‘lgan barcha davlatlarda bir xil kuchga ega bo‘ladigan ixtiro hamda sanoat namunalari uchun patentlarni taqdim etadi.

Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumida tomonlar qator yo‘nalishlarda, jumladan, ekspertiza jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish boʻyicha tajriba almashish, intellektual mulk sohasida kadrlarni tayyorlash, intellektual mulk obyektlarini tijoratlashtirish bo‘yicha vakolatlari doirasida hamkorlik qiladi.

Mazkur memorandumni imzolanishi ikki tomonlama oʻzaro mustahkam va mutanosib aloqalarning oʻrnatilishi, sanoat mulki sohasida samarali va oʻzaro manfaatli tajriba almashish uchun huquqiy asos yaratadi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.