“Yil ayoli” milliy tanlovi g‘olibi avtomobil bilan taqdirlanadi
AOKAda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Keyingi yillarda mamlakat hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlar faolligini oshirish, ularning intellektual, ma’naviy va kasbiy yuksalishi, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mulkchilik shaklidan qat’i nazar korxona, tashkilot, muassasalarda mehnat qilayotgan xotin-qizlar hamda uy bekalari uchun “Yil ayoli” milliy tanlovini e’lon qiladi.
Tanlov orqali mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga o‘zining ulkan hissasini qo‘shib kelayotgan, yuksak ma’naviyatli, oilada va farzand tarbiyasida ibrat, o‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan soha nufuzini oshirishda faol ishtirok etayotgan turli soha egalari bo‘lgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan. Tanlov uch bosqichda o‘tkaziladi.
Tanlovda 35 yoshdan yuqori bo‘lgan, o‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilot nufuzini oshirishda faol ishtirok etayotgan hamda yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat bilan kamida 5 yil mobaynida uzluksiz shug‘ullanib kelayotgan xotin-qizlar hamda uy bekalari ishtirok etishi mumkin.
1, 2 va 3-o‘rin sovrindorlari hamda “Yilning eng vatanparvar ayoli”, “Yilning eng yaxshi uy bekasi” kabi 11 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi.
Tanlovning Respublika bosqichida oliy o‘rin – Gran prini qo‘lga kiritgan ishtirokchi oliy darajadagi diplom, statuetka va Prezident sovg‘asi – avtomobil bilan mukofotlanadi.
Birinchi o‘rinni olgan ishtirokchi I darajali diplom va bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida pul mukofoti bilan, ikkinchi o‘rinni olgan ishtirokchi II darajali diplom va bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari miqdorida pul mukofoti bilan hamda uchinchi o‘rinni olgan ishtirokchi III darajali diplom va bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Sharhlar