«Yil imomi – 2024» g‘olibi haj yo‘llanmasi bilan taqdirlandi

Foto: Islom .uz

Respublikamiz masjidlarida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va noiblar ishtirokida intiqib kutilgan «Yil imomi – 2024» ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 14 nafar imom domla o‘zaro bellashdi.

Ishtirokchilari Qur’oni Karim qiroati va tafsiri, aqida, fiqh, Islom tarixi, hadis ilmlari, allomalar ijodiga oid savollarga javob berdilar. Shuningdek, mehnat faoliyatlari davomida amalga oshirgan salmoqli ishlari va OAVlarida e’lon qilingan ijodlarini namoyish etdilar.

Qatnashchilarning chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan mezonlar asosida baholandi.

Tanlov natijalariga ko‘ra:

1-o‘rin – Namangan viloyati «Homiddin qori» jome’ masjidi imom-xatibi Muhammad Bobir domla Nasriddinovga I darajali diplom va haj safari yo‘llanmasi;

2-o‘rin – Toshkent shahridagi «Firdavs» jome’ masjidi imom-xatibi Baxtiyor domla Sattorovga II darajali diplom va 16 mln. so‘m pul mukofoti;

3-o‘rin – Toshkent viloyati «Chanoq» jome’ masjidi imom-xatibi Yoqub domla Buxarbayevga III darajali diplom va 13 mln. so‘m pul mukofoti topshirildi.

Shuningdek, tanlovning «Yilning eng fidoiy imomi» Qoraqalpog‘iston Respublikasi «Mulla Is’hoq» jome’ masjidi imom-xatibi Altinbek domla Zinullayev va Xorazm viloyati «Mirhoshim bobo» jome’ masjidi imom-xatibi Ollabergan domla G‘oyipovga nasib etdi.

Musobaqa yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar hazratlari «Yil imomi – 2024» sohibiga haj yo‘llanmasini topshirdi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.