2025-yilni Navoiyida “Alisher Navoiy yili” etib belgilash taklif qilindi

Foto: prezident.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Davlat rahbari avvalo 27-oktabrda mamlakatda bo‘lib o‘tgan parlament saylovi borasidagi fikrlarini aytdi.

Qayd etilganidek, ushbu saylov Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirayotgan tub islohotlar samarasini o‘zida yaqqol aks ettirdi, demokratik taraqqiyotni yorqin ifodasi sifatida hayotimizda o‘chmas iz qoldirdi.

Prezident ko‘p millatli xalqimizga saylovlarda yuksak siyosiy madaniyat va faollik ko‘rsatib, fuqarolik burchini mas’uliyat bilan ado etgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, xalq vakili degan yuksak maqomga ega bo‘lgan barcha yurtdoshlarimizni chin qalbdan tabrikladi.

Saylovlar natijasida yurtimizda huquq va vakolatlari sezilarli darajada kuchaygan yangi vakillik organlari tizimi ham shakllangani ta’kidlandi.

Alisher Navoiy nomi bilan ataladigan Navoiy viloyati ma’naviy tarbiya, ma’rifiy yuksalish yo‘lida barchaga o‘rnak va namuna bo‘lishi, ta’bir joiz bo‘lsa, yurtimizning ma’naviy brendiga aylanishi zarurligi ta’kidlandi.

Masalan, 2017-yil Andijon viloyatida “Bobur yili” deb e’lon qilinib, shu asosda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan edi. Prezident mana shunday ijobiy tajribani Navoiy viloyatida ham qo‘llab, yangi – 2025-yilni viloyatda “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilishni taklif qildi.

Bu yil doirasida “Hazrat Navoiyni anglash – o‘zligimizni anglash” mavzusida Prezident sovg‘asi uchun respublika tanlovi tashkil etiladi. Har bir mahalla, maktab, oliygohlar va mehnat jamoalarida “Navoiyxonlik kechalari” o‘tkaziladi.

“Yashil makon” loyihasi doirasida viloyatning shahar va tumanlari, qishloqlarida Navoiy bobomizga atab yangi bog‘lar, so‘lim xiyobonlar, yashil hududlar tashkil etiladi. Quriladigan Yangi O‘zbekiston bog‘ida Alisher Navoiyga bag‘ishlab memorial muzey tashkil etiladi.

Yig‘ilishda asosiy masala – Navoiy viloyati iqtisodiyotini o‘stirish, investitsiya, eksport va pirovardida, odamlar daromadini ko‘paytirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

Viloyat respublikaning qoq markazida joylashgan, boy tabiiy resurslar, yetarli infratuzilma va inson salohiyatiga ega hudud.

So‘nggi uch yilda navoiylik yoshlar oliygohga kirish bo‘yicha 1-o‘rinni egallab kelmoqda. Bog‘cha qamrovi 85 foizga yetib, respublikada 2-o‘ringa chiqdi.

Xalqimiz qazilma boyliklarining 20 foizi Navoiy zaminida. Viloyatda har yili 100 trillion so‘mdan ortiq sanoat mahsuloti yaratilmoqda. Hozirda viloyatda 15 milliard kilovatt soat elektr energiyasi chiqarilayapti, yana 5,2 gigavattli shamol va quyosh stansiyalari ishga tushish arafasida.

Mamlakatning eng muhim transport arteriyalarining 16 foizi Navoiy hududidan o‘tgan. O‘tgan hafta Qoraqalpog‘istonda 240 kilometrli “Qo‘ng‘irot-Beynov” yangi yo‘li foydalanishga topshirildi. Bu ham Navoiyning logistika markazi sifatidagi ahamiyatini yanada oshiradi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.