Endi gaz taʼminotiga oid qonunbuzilish holatlarida “Hududgaztaʼminot” AJ boshqaruv raisi oʻrinbosari maʼmuriy javobgarlikka tortildi

Foto: yuz.uz

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-martdagi 256-son qarori bilan tasdiqlangan Yuridik va jismoniy shaxslarni gaz tarmoqlariga ulash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga asosan gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni berish hududiy gaz taʼminoti tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi.

Adliya vazirligi tomonidan davlat xizmatini koʻrsatuvchi vakolatli organlar vakillari bilan oʻtkazilgan davra suhbatida “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan reglamentga zid ravishda hududiy gaz taʼminoti tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan texnik shartlarni Jamiyatning markaziy apparati bilan kelishish amaliyoti joriy etilganligi aniqlandi.

Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan oʻtkazilgan monitoringlarda hududiy gaz taʼminoti filiallari tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishida yoʻl qoʻyilgan qonunbuzilish holatlarini oldini olish boʻyicha qonuniy talab qoʻyilgan taqdimnoma kiritilgan boʻlsa-da, mazkur qonunbuzilish holatlari bugungi kunga qadar davom etib kelmoqda.

Shunga koʻra, kelgusida yuqoridagi qonunbuzilish holatlarini oldini olish maqsadida “Hududgaztaʼminot” AJ boshqaruv raisi oʻrinbosari Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 215-5-moddasiga asosan maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.