Yo‘llardagi avtomobillarning vazni va hajmini xususiy sektor nazorat qiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Avtomobil yo‘llari bo‘ylab katta hajmli va og‘ir vaznli avtotransport vositalarining harakatlanish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
avtomobil yo‘llarida vazn va hajm parametrlari nazorati bo‘yicha zamonaviy o‘lchov vositalari bilan jihozlangan statsionar va ko‘chma shoxobchalar o‘rnatish va ulardan foydalanish sohasiga xususiy sektorni keng jalb qilish;
o‘lchov-nazorat shoxobchalari o‘rnatiladigan joylar elektron onlayn auksion savdolarida g‘olib bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga yigirma yil muddatga ijara asosida va boshqa tadbirkorlik sub’ektiga o‘tkazish huquqi bilan beriladigan bo‘ldi.
Qaror bilan avtomobil yo‘llarida og‘irlik va gabarit nazorati bo‘yicha statsionar va ko‘chma shoxobchalarni tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Elektron onlayn-auksion savdolariga qo‘yish uchun o‘lchov-nazorat shoxobchalari o‘rnatiladigan joylarning minimal qiymati (boshlang‘ich narxi):
- xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarida – BHMning 50 baravari;
- davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llarida – BHMning 40 baravari;
- mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarida – BHMning 30 baravari miqdorida belgilanadi.
Dastlabki ikki yil davomida mazkur shoxobchalar orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar uchun jarimalar summasidan tushgan mablag‘larning 40 foiz tadbirkorlik sub’ektlari hisobiga yo‘naltiriladi. Keyinchalik ushbu summa 30 foizni tashkil etadi.
Qaror joriy yilning 31 oktyabr kunidan kuchga kirgan.
Sharhlar