Yo‘nalishlarni belgilangan muddatgacha tanlamagan abituriyentlar OTMga qabul qilinmaydi
Ayni kunlarda abituriyentlar tomonidan oliy ta’lim muassasalarini tanlash bosqichi davom etmoqda. Abituriyentlar my.uzbmb.uz portali orqali 10-avgustga qadar (shu kuni ham) oliy ta’lim muassasalari yo‘nalishlarini tanlashlari talab etiladi. Yo‘nalishlarni belgilangan muddatgacha tanlamagan abituriyentlar oliygohlarga qabul qilinmaydi.
Tanlov jarayonida abituriyentlar beshtagacha oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishlari va shakllari hamda tanlov ustuvorligini belgilashi lozim.
Agar abituriyent ustuvorlik sifatida “Davlat granti”ni tanlasa, u dastlab davlat granti uchun ajratilgan qabul parametrlari doirasida, tanlagan ta’lim yo‘nalishlarining qat’iy ketma-ketligi asosida to‘plagan bali bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi. Abituriyent davlat grantiga talabalikka tavsiya etilmagan taqdirda, yuqoridagi tartib bo‘yicha to‘lov-kontrakt uchun ajratilgan qabul parametrlari doirasida tanlovda qatnashadi. Ya’ni, abituriyentning bali avval davlat granti bo‘yicha ko‘rib chiqiladi, hech biriga tavsiya etilmagan taqdirda, to‘lov-kontrakt bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi.
Agar abituriyent “Ta’lim yo‘nalishi”ni ustuvorlik sifatida tanlasa, ta’lim yo‘nalishlarining qat’iy ketma-ketligi asosida to‘plagan bali bo‘yicha davlat granti va to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etadi.
Shu o‘rinda 10-avgustga qadar abituriyentlar my.uzbmb.uz portalidagi shaxsiy kabinetlarida kiritgan tanlovlarini tahrir qilish imkoniyatiga ham ega.
2024/2025 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining barcha kurs talabalari yotoqxonalarga onlayn ariza yuborish imkoniyatidan foydalanishlari mumkin. Yotoqxona bilan qamrab olinmagan va ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarining 60 foiziga oylik ijara to‘lovining bir qismi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan qoplab beriladi.
Sharhlar