Sankt-Peterburgga ishlash uchun borib, qiynalib qolgan o‘zbekistonliklarga yordam ko‘rsatildi

Foto: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi

Sankt-Peterburgda ishlash uchun borib, qiynalgan o‘zbekistonliklarga moddiy yordam ko‘rsatildi, deb xabar bermoqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati.

Agentlikning Rossiyadagi vakillari Sankt-Peterburgdagi “Armagan”, Chelyabinskdagi “TSK Noviy vek”, “YevroDom”, “Energoinjiniring” korxonalari rahbariyati va bu yerda ishlayotgan yurtdoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq vaziyat tubdan o‘zgargani, fuqarolarning chet elda ishlashi uchun sharoitlar yaratish, ularning haq-huquqlarini himoya qilish, kafolatli mehnat bozori bilan ta’minlash, qaytib kelgandan keyingi taqdiriga befarq bo‘lmaslik borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Ish beruvchilar bilan O‘zbekiston fuqarolarini vaqtinchalik mehnat faoliyatiga jalb qilish, hamkorlik imkoniyatlari va istiqbollari bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Natijada yurtdoshlarni mazkur korxonalarda ish bilan ta’minlashga kelishib olindi.

Sankt-Peterburgda ishlash uchun borib, murakkab vaziyatda qolgan fuqarolarga moddiy va huquqiy yordam ko‘rsatildi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.