O‘zbekistonda YouTube ishlashi sekinlashgani haqidagi xabarlar rad etildi

Foto: Getty Images

Raqamli texnologiyalar vazirligi O‘zbekistonda YouTube videoxostingi faoliyatidagi uzilishlar haqidagi xabarlarni rad etdi. Bu haqda “Spot” vazirlik matbuot kotibi Sherzod Axmatovga tayanib xabar berdi.

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlardagi mahalliy foydalanuvchilar Youtube’ning yomon ishlashi, jumladan, videolarning sekin yuklanishi haqida shikoyat qilishmoqda.

Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati YouTube “me’yorida” ishlayotganini bildirdi. Bundan tashqari, Rossiyada videoxosting tezligining sekinlashishi bilan bog‘liq vaziyat O‘zbekistonga “hech qanday ta’sir qilmaydi”, deya ta’kidlandi.

“Agar YouTube bir davlatda sekinlashsa, bu O‘zbekistonda ham sekinlashadi, degani emas, ya’ni bir davlatga bog‘lanib qolinmagan”, — dedi Sherzod Axmatov.

Iyul oyi o‘rtalarida “Rostelekom” davlat internet provayderi Rossiyada Youtube videoxostingi ishining sekinlashgani haqida xabar bergandi. Bunga Amerikaning Alphabet kompaniyasi mahalliy serverlari ishidagi “texnik muammolar” sabab bo‘lishi aytildi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.