O‘zbekiston va Tojikiston yuk mashinalarining tranzit o‘tishi uchun ruxsatnomani bekor qiladi
Tojikiston va O‘zbekiston yuk mashinalarining tranzit o‘tishi uchun ruxsatnoma berish jarayonini bekor qilmoqchi. Bu haqda Tpjikiston Transport vazirligi ma’lum qildi. Shunday hujjat zarurligi tufayli chegarani kesib o‘tish bilan bog‘liq qiyinchiliklar yuzaga kelayotgandi.
Ta’kidlanishicha, bunday kelishuvga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan hafta Dushanbega tashrifi chog‘ida erishilgan, tegishli bayonnoma esa Tojikiston va O‘zbekiston transport vazirlari Azim Ibrohim va Ilhom Mahkamov tomonidan imzolangan. Hujjat ikkala davlat tomonidan ratifikatsiya qilingach, kuchga kiradi.
Transport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida har yili 1200 dan ortiq tranzit yuk tashish amalga oshiriladi. Jarayonning soddalashtirilishi natijasida esa yetkazib berish vaqti qisqaradi, yuklarning saqlanishi yaxshilanadi, shuningdek, bu chora-tadbir Tojikistonning strategik maqsadlariga javob beradi.
Hozir amalda bo‘lgan xalqaro avtomobil tashuvlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga muvofiq, yo‘lovchilarni va mamlakatlar o‘rtasidagi yuklar, shu jumladan ularning hududlari orqali tranzit tashish uchun ruxsatnoma talab qilinadi.
Sharhlar