Yuk mashinalari Toshkent yo‘llarini “o‘ldiryapti”
Yo‘llarning holati shunchaki qulaylik masalasi emas. Bu mamlakat iqtisodiyoti qoni oqib turadigan ko‘zga ko‘rinmas arteriyadir. Buzilgan yo‘llar nafaqat asfaltdagi chuqurchalar, balki, budjetdagi teshiklardir: avtomobil ta’miriga xarajatlar, yetkazib berishda kechikishlar, ishlab chiqarish samaradorligining pasayishi.
Asfaltning sifati va uzoq muddat xizmat qilishiga yuk mashinalarining noqonuniy harakati katta ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bir dona yuk mashinasi yo‘lga 10 mingta yengil avtomobilga teng zarar yetkazishi mumkin, bu esa yo‘l qoplamasining xizmat muddatini sezilarli darajada qisqartiradi.
Bundan tashqari, yo‘llarning holati fuqarolarning turmush sifatiga bevosita ta’sir qiladi. Yo‘l qoplamasining yomonligi kundalik safarlarni qiyinlashtiradi, avariya ehtimolini oshiradi va avtomobillarni ta’mirlashga qo‘shimcha xarajatlarni keltirib chiqaradi. Yuk tashish hajmi yuqori bo‘lgan sharoitda yo‘l infratuzilmasiga yuklama oshib, logistikani rivojlantirish va yo‘llarni yaxshi holatda saqlash zaruriyati doimiy muammoga aylanadi.
Anhor.uz Toshkent ko‘chalariga chiqib, katta yuk mashinalari yo‘llar va atrof-muhitga qanday ta’sir ko’rsatayotganini aniqlashga harakat qildi.
Aniqlagan asosiy muammolardan biri bu yo‘llarni yetarlicha keng emasligi. Ko‘plab yo‘llar katta o‘lchamli yuk mashinalarning harakati uchun mo‘ljallanmagan bo‘lib, bu barcha harakat ishtirokchilariga xavf tug‘diradi. Ayniqsa, tor ko‘chalarda ularning burilishini sekinlashtiradi va tirbandliklarni keltirib chiqaradi.
Yana bir muammo qurilish materiallari, masalan, qum yoki tuproq va hatto sement ba’zida himoya qoplamalarisiz yoki yirtilgan tentlar ostida tashiladi. Bu havo va yo‘llarning ifloslanishiga olib keladi. Shuningdek, yuk tashishda normadan ortiq vazn asfaltni buzib, yoriqlar paydo bo‘lishiga va yo‘llarning notekisligiga olib keladi.
Katta yuk mashinalari tomonidan yo‘llarning buzilishi nafaqat ta’mirlash xarajatlarini oshiradi, balki qo‘shimcha transport xarajatlariga ham sabab bo‘ladi. Mahsulotlarni yetkazib berish muddati yo‘llarning yomon holati tufayli uzayadi, bu o‘z navbatida mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, chunki kechikishlar to‘g‘ridan to‘g‘ri savdoga ta’sir qiladi. Mutaxassislarning baholashicha, ushbu iqtisodiy zarar korxona xarajatlarining muhim qismini tashkil etishi mumkin, bu esa biznesning raqobatbardoshligini va mamlakatning iqtisodiy barqarorligini pasaytiradi.
Yuk mashinalarining o‘lchamlari va og‘irligini tartibga solish, masalan, xalqaro direktivalar doirasida, yo‘llarga yetkaziladigan zararni minimallashtirish va xavfsizlikni oshirishga yordam berishi mumkin, ayniqsa shahar chegaralarni kesib o‘tayotgan transport vositalarining uzunligi, balandligi va og‘irligi cheklansa. Xo‘sh bu borada cheklovlar bormi?
O‘zbekistonda og‘ir yuk mashinalari uchun cheklovlar
O‘zbekistonda og‘ir yuk transport vositalari uchun yo‘l harakati xavfsizligini va infratuzilmani muhofaza qilish maqsadida qat’iy o‘lcham va og‘irlik cheklashlari belgilangan. Transport vositalarining kengligi 2 m 55 sm dan oshmasligi kerak, muzlatkich va izotermik kuzovlar uchun esa kenglik 2 m 6 sm metrgacha bo‘lishi mumkin. Maksimal balandlik 4 metr, uzunlik esa yakka holdagi transport vositalari va treylerlar uchun 12 metr va avtopoyezdlar uchun 20 metrgacha cheklanadi. Yukning og‘irligi va uning o‘qlarga taqsimlanishi ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan normalardan oshmasligi kerak. O‘lcham yoki og‘irlik normalaridan oshganda YHXBXdan maxsus ruxsat olish talab etiladi. Avtomobilning o‘lchamlaridan tashqari oldinga yoki orqaga 1 metrgacha yoki yon tomondan 40 sm ga chiqib turadigan yuklar maxsus belgilar bilan belgilanishi kerak. Yopiq yuklarni tashishda yukni zich material bilan yopish majburiydir. Ushbu qoidalarni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.
Bu belgilangan javobgarlikni O‘zbekistondagi bir nechta organ nazorat qiladi:
- O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi;
- Avtomobil yo‘llarini qurish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha davlat-aksionerlik kompaniyasi;
- O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi davlat xizmati;
- O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi yo‘l harakati qoidalari va normalariga, jumladan, og‘ir yuklarni tashuvchi transport vositalarining harakatlanish yo‘nalishlarini belgilashga mas’uldir.
Xalqaro standartlar
Yevropa Ittifoqining 96/53/ nizomi kabi xalqaro standartlar transchegaraviy aloqalar uchun yuk mashinalarining o‘lchamlari va og‘irligini tartibga solib, yo‘llarning xavfsizligi va sozligiga qo‘yilgan talablarni nazorat qiladi. Ushbu qoidalarga muvofiq, yuk mashinalarining maksimal balandligi 4 metr, standart yuk mashinalari uchun kengligi 2,55 metr va muzlatkichlar uchun 2,6 metrni tashkil etadi. Yuk mashinalarining uzunligi 12 metr, avtopoyezd esa 18,75 metr bilan cheklanadi. Avtopoyezdning og‘irligi konfiguratsiyasiga qarab 44 tonnagacha yetishi mumkin. Shuningdek, yuk mashinalari quyidagi kategoriyalarga bo‘linadi:
- N1 (3,5 tonnagacha),
- N2 (3,5 tonnadan 12 tonnagacha),
- N3 (12 tonnadan ortiq).
Yuk mashinalari harakatiga cheklovlar
Yevropada yuk mashinalarining harakati dam olish kunlari va bayram kunlari, shuningdek, pik soatlarda cheklanadi. Masalan, Germaniyada 7,5 tonnadan og‘ir yuk mashinalarining harakati yakshanba va bayram kunlari soat 00:00 dan 22:00 gacha taqiqlanadi. Yozda bu cheklov shanba kuni soat 7:00 dan 20:00 gacha bo‘lgan vaqtga ham tatbiq etiladi. Fransiyada shunga o‘xshash cheklovlar yilning barcha kunlari shanba va yakshanba kunlari amal qiladi. O‘zbekistonda 2024-yildan boshlab Toshkentda 10 tonnadan og‘ir yuk mashinalarining harakati soat 7:00 dan 10:00 gacha va soat 17:00 dan 21:00 gacha bo‘lgan pik soatlarda taqiqlandi. Bu poytaxtdagi yo‘l holatini yaxshilash uchun amalga oshirildi. Ammo, bu soatlarda poytaxt yo‘llarida katta yuk mashinalari kam bo‘lib qolmadi. Anhor.uz jurnalistlari suratga olish vaqtida pik soatlarda tirbandlikni yuzaga keltiruvchi katta yuk mashinalari bemalol qatnovda bo‘lganini guvohi bo‘lgan.
Mavsumiy cheklovlar
Yevropada yuk mashinalarining harakatiga mavsumiy cheklovlar, ayniqsa, qish faslida, avtomobillarni g‘ildirakni tortishga qarshi qurilmalar va qishki shinalar bilan jihozlashga alohida e’tibor qaratiladi. O‘zbekistonda 2024-yildan boshlab, 44 tonnadan og‘ir bo‘lgan yuk mashinalari uchun, ayniqsa issiq mavsumda cheklovlar joriy etildi. Bu yuqori harorat yo‘l qoplamasining buzilishini tezlashtirishi bilan bog‘liq.
Yo‘llardan foydalanganlik uchun to‘lovlar
Yevropada Germaniyaning MAUT tizimi kabi yuk mashinalari uchun to‘lovli yo‘l tizimlari keng qo‘llaniladi, bunda to‘lov miqdori transport vositasining massasi, SO2 chiqindilari va bosib o‘tilgan masofaga bog‘liq. Ko‘plab mamlakatlarda yo‘ldan foydalanganlik uchun to‘lovlar yo‘llarni ta’mirlash va infratuzilmani saqlash xarajatlarini qoplashga yordam beradi. O‘zbekiston ham bu yo‘nalishda harakat qilmoqda. 2024-yil 1-apreldan boshlab mamlakatda 10 tonnadan og‘ir yuk mashinalari uchun yiliga taxminan 1,7 million so‘m miqdorida to‘lov joriy etildi. Bu mablag‘lar katta yuk mashinalarining intensiv foydalanishi tufayli buziladigan yo‘llarni ta’mirlashga yo‘naltiriladi.
Yuk mashinalarning atrof-muhitga ta’siri
Yevro-6 standarti 2015-yilning sentabridan boshlab kuchga kiritilgan yuk mashinalari uchun eng qat’iy standartlardan biri hisoblanadi. Bu standart uglerod dioksidi (CO₂), azot oksidlari (NOx), uglevodorodlar (HC) va qattiq zarrachalar (PM) kabi ifloslantiruvchi moddalarning chiqindilariga cheklovlar qo‘yadi. Yevro-6 standartiga ko‘ra, dizel yuk mashinalari uchun azot oksidlari chiqindilarining darajasi 0,4 g/kVt*soat bilan cheklanadi, bu esa avvalgi Yevro-5 standartiga nisbatan ancha past. Yevropada Germaniya, Fransiya va Italiya kabi qator mamlakatlarda Yevro-6 standartiga javob bermaydigan yuk mashinalariga qo‘shimcha soliq va yig‘imlar solinadi yoki ma’lum zonalarda umuman foydalanishga ruxsat berilmaydi. Masalan, Germaniyada Berlin va Myunxen kabi yirik shaharlarda kam emissiyali zonalar (Low Emission Zones, LEZ) mavjud bo‘lib, ularga faqat qat’iy ekologik standartlarga javob beradigan transport vositalari kirishi mumkin. Yuqori darajadagi chiqindilar chiqaradigan yuk mashinalari yo‘ldan foydalanganlik uchun qo‘shimcha to‘lov to‘lashi yoki ushbu zonalardan tashqarida to‘xtashi kerak.
O‘zbekistondagi vaziyat
O‘zbekistonda yuk mashinalarining harakati bilan bog‘liq muammolar faqat yo‘llarning buzilishi bilangina emas, balki ko‘chalarning ifloslanishi va har tomonga changlar tarqalishi bilan ham bog‘liq. Ayniqsa, qurilish maydonchalarida bu muammo yaqqol seziladi. Qurilish maydonchalaridan chiqib ketayotgan yuk mashinalari ko‘pincha g‘ildiraklarini yoki kuzovlarini tozalamaydi, ortidan loy izi qoldiradi.
Mashhur bloger Qurbonov o‘z kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashadi: “Esimda, qachonlardir (aslida, unchalik uzoq bo‘lmagan vaqt oldin) qurilish maydonchalaridan chiqayotgan yuk mashinalari g‘ildiraklarini tozalab va loyni yuvib chiqishi kerakligi to‘g‘risida talab joriy etilgan edi. Hozirda bu talab bekor qilingan, yoki ba’zilar uchun umuman mavjud bo‘lmagandek”.
O‘zbekiston va Yevropa og‘ir transport vositalarining harakatini nazorat qilish sohasida o‘xshash muammolarga duch kelsa-da, ularning yondashuvlari hozircha jiddiy farq qiladi. Yevropa yuk tashuvlarni tartibga solish bo‘yicha to‘lovli yo‘llar, qat’iy ekologik standartlar va ma’lum davrlarda katta yuk mashinalarining harakatini cheklash kabi kompleks choralarni qabul qildi. Bu yo‘llarning holatini yaxshilash, atrof-muhitga bo‘lgan bosimni kamaytirish va xavfsizroq yo‘l infratuzilmasini yaratishga yordam berdi. Toshkent yo‘llaridagi holat mavjud cheklovlar va to‘lovlarga qaramasdan foyda bermayotgandek go‘yo. Anhor.uz jurnalistlari katta yuk mashinalarining harakati cheklanadigan pik soatlarda ham ko‘chalar katta yuk mashinalari bilan to‘lib toshib turganini bir necha marta kuzatishgan.
Mavjud norma va qoidalar faqat qog‘ozda qolgandek tuyuladi, chunki yo‘llardagi holat xuddi ularning bajarilishini hech kim nazorat qilmayotganday taassurot tug‘diradi. Bunday deyishning sababi – shahar aholisi kundalik hayotda katta yuk mashinalari yo‘llarni va shahar infratuzilmasini “o‘ldirayotganini” kuzatib turibdi.
Mutaxassislarning fikricha, YHXBX va O‘zbekiston avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi tomonidan nazorat yetarli emas.
Sharhlar