Toshkent viloyatida yuk mashinasi ag‘darilib, pachaqlanib ketdi
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida yuk mashinasi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda viloyat IIBB YHXB.
Voqea 11-sentabr kuni soat taxminan 22:00 larda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani “Chimyon” MFY hududidagi ichki yo‘lda yuz bergan. Haydovchi 1995-yilda tug‘ilgan O.A. boshqaruvidagi “MAN TGS 41” rusumli yuk transport vositasida rul boshqaruvini yo‘qotib ag‘darilib ketgan. Hodisa vaqtida transport vositasida haydovchidan boshqa hech kim bo‘lmagan.
Ushbu hodisa natijasida haydovchiga birinchi yordam ko‘rsatilgan (tan jarohati olmagan). Ammo ilova qilingan suratga ko‘ra, yuk mashinasiga qattiq zarar yetib, pachaqlanib ketgan.
Hozirda holat yuzasidan Bo‘stonliq tumani IIB YHXB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Sharhlar