Yunusobodda Harbiy sud binosi ochildi

Foto: Oliy sud

5-iyul kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanida O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sud binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Oliy sud raisi B. Islomov, Milliy gvardiya qo‘mondoni R. Djurayev, Mudofaa vazirligi va Harbiy prokuratura vakillari, sudya va advokatlar, sud faxriylari ishtirok etdi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar sud-huquq tizimini yanada isloh qilish va qonun ustuvorligini ta’minlash mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanganligini ta’kidladilar.

Prezident tomonidan sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudlarga tashrif buyuruvchi fuqarolar hamda sud protsesslarining barcha ishtirokchilari uchun zamonaviy, har tomonlama qulay sharoitlar yaratish masalalariga e’tibor kuchaytirilishi natijasida sudlarning moddiy-texnika bazasi yaxshilandi.

2021-2025 yillarda markazlashtiriladigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan sudlarning binolari va xonalarini qurish hamda rekonstruksiya qilish dasturi asosida 2025 yilga qadar 32 ta yangi bino qurish hamda 107 ta binoni rekonstruksiya qilish ishlari nazarda tutilgan.

So‘nggi yillarda ushbu dasturga muvofiq 46 ta yangi sud binosi qurildi, shuningdek 23 ta sud joylashgan 17 ta mavjud ma’muriy binoda rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Natijada jami 101 ta sud zamonaviy binolar bilan ta’minlandi.

Tadbirda bino qurilishida jonbozlik ko‘rsatgan quruvchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

So‘ngra tantanali ochilish marosimining ramziy tasmalari kesilib, tashrif buyurgan mehmonlar sud binosida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.