Yuqori kurs talabalari yotoqxonaga joylashishi uchun taqsimot 15-avgustdan boshlanadi

2- va undan yuqori kurs talabalari uchun talabalar turar joyiga joylashish uchun ilk taqsimot 15-avgust sanasidan boshlanadi.

Joriy yilning 1-avgustidan 15-avgustigacha kelib tushgan arizalar o‘rtasida dastlabki taqsimot o‘tkaziladi. Unda quyidagi toifadagi talabalar ustuvorlik asosida talabalar turar joylariga qabul qilinadi:

  •  “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan talabalar;
  •  “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”da turadigan talabalar;
  •  I va II guruh nogironligi boʻlgan talabalar;
  •  bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi taʼlim shaklida ikki yoki undan ortiq toʻlov-shartnoma asosida oʻqiyotgan oilalar farzandlari;
  •  xalqaro fan olimpiadalari, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan respublika fan olimpiadalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan talabalar;
  •  “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” koʻrik-tanlovlarining respublika bosqichi gʻolibi boʻlgan talabalar;
  •  oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida oʻtkazilgan “Zakovat” intellektual oʻyinining respublika bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan talabalar;
  •  talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori boʻlgan talabalar.

Shundan so‘ng ustuvorliklar ketma-ketligi asosida boshqalarga beriladi. Keyingi yakuniy taqsimot 25-avgustda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Talabalar arizalarni my.gov.uz portali orqali yuborishlari mumkin.

Shuningdek, 2024/2025-o‘quv yilida OTM 1-bosqichiga tavsiya etilgan abituriyentlar yakuniy natija chiqqandan so‘ng ariza yuborishlari mumkin bo‘ladi. Ular uchun ham joylar belgilangan tartib asosida ajratiladi.

Eslatma: belgilangan tartibga ko‘ra,  bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan hamda yotoqxonaga ehtiyoji bor talabalar to‘liq ta’minlanmasdan turib, boshqa ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalarni, shuningdek ta’limning magistratura va doktorantura bosqichida o‘qiyotgan talabalarni turar joyga joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.