O‘zbekistonda bolaga nisbatan maishiy zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanadi
Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonun qizg‘in muhokama qilindi.
Mazkur Qonun Jahon bankining tavsiyasi asosida bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashining oldini olish choralari samaradorligini oshirish, oilalardagi maʼnaviy-axloqiy muhit yaxshilanishini taʼminlash maqsadida ishlab chiqildi.
Taʼkidlanganidek, ushbu vazifalar yuzasidan 2023-yil sentabr oyida Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh shakllantirilgan edi.
JSSTning maʼlumotiga ko‘ra, dunyodagi har uchinchi ayolga o‘z umr yo‘ldoshi tomonidan jismoniy tazyiq o‘tkaziladi. Tazyiq va zo‘ravonlik oqibatida o‘lim kelib chiqqan hollarning 38 foizida uning turmush o‘rtog‘i yoki u bilan birga ro‘zg‘or qurib yashayotgan shaxsning aybi bo‘ladi.
2023-yil va joriy yilning may oyiga qadar sodir etilgan 894 ta oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning 55,6 foizi, yaʼni 506 tasi taraflar yarashganligi munosabati bilan tugatilgan. Qolgan 44,4 foizi, yaʼni 388 tasi bo‘yicha sud tomonidan tegishli jazolar tayinlangan.
Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 592-moddasi va Jinoyat kodeksining 1261-moddasi bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash normasi bilan to‘ldirilmoqda. Shuningdek, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi arizani surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida emas, sud muhokamasi paytida berish tartibi joriy qilinmoqda.
Yaʼni oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bo‘yicha ishlar yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi ariza faqat ishni sudda ko‘rish jarayonida, sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud maslahatxonaga kirishidan oldin berilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Mazkur Qonunning qabul qilinishi oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyat ishlari har tomonlama, to‘liq va xolisona ko‘rib chiqilishiga, tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning xulqiga ko‘rsatiladigan ijobiy taʼsirning kuchi yana-da ortishiga, bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashining oldini olish choralarining samaradorligini oshirish hamda oilalardagi maʼnaviy-axloqiy muhitni, shuningdek, xotin-qizlar huquqlariga oid xalqaro indekslarda mamlakatimizning o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Sharhlar