Ajdahoni o‘ldirish bilan unga aylanib qolmaslik qiyin ish: 70 yil oldin uyda zo‘ravonlikni boshidan o‘tkazgan farg‘onalik zo‘ravon ayol butun oilasini qo‘rquvda saqlab turibdi
O‘zbekistonda ko‘plab ayollar uydagi qiynoqlar to‘g‘risida ochiq gapirishmaydi. Ular politsiyaga murojaat qilish yoki yordam so‘rashga qo‘rqishadi. Ayrimlar uchun oilaviy zo‘ravonlik hayotining oddiy bir qismiga aylangan, ular yagona chora – bu sabr, deb hisoblashadi.
O‘zbekiston oiladagi zo‘ravonlikni jinoyatga tenglashtirgan Markaziy Osiyoning birinchi davlatiga aylandi. 2023 yilning aprelida qonun qabul qilindi va Jinoyat kodeksi bunday jinoyat uchun jinoiy javobgarlikni ko‘zda tutadigan 126-1 modda bilan to‘ldirildi.
Biroq, qonunchilikdagi o‘zgarishlarga qaramay, ko‘plab qurbonlar oilaviy zo‘ravonlikka duchor bo‘lmoqda.
Hikoyamiz qahramoni – Maftuna, Farg‘ona vodiysidagi kichik shaharchaning 45 yoshli yashovchisi. 26 yildan beri bolalar bog‘chasida tarbiyachi bo‘lib ishlaydi. Oilada to‘qqizinchi tug‘ilgan farzand bo‘lib, uning 6 nafar opasi va 2 nafar akasi bor.
Ayolning aytishicha, u 17 yillik erli hayoti davomida oilaviy zo‘ravonlikka ro‘para keldi. Odatda oilada erkaklar tajovuzkorligi urf bo‘lgan holatdan farqli o‘laroq, Maftuna misolida tajovuz uning qaynonasi harakatlarida namoyon bo‘ladi. Bu manipulyatsiya, ruhiy bosim va kamsitish.
Maftunaning hikoyasiga ko‘ra, qaynonasi oila a’zolarining barchasi, shu jumladan, eri va ikki farzandining doimiy qo‘rquvining manbai bo‘lib kelgan. «Kamsitish so‘z ko‘rinishida bo‘ladi, ya’ni meni qashshoq oiladan, ota-onamni kambag‘al deb kamsitadi. Ko‘plab xo‘rliklarni ko‘taraman, ammo har safar «oyijon» (qaynona) marhum ota-onamni munosib sep bilan uzatmaganligi, masalan, uyimizda sovutkich va televizor bo‘lmaganligi uchun kamsita boshlaganida bunday haqoratlarni ko‘tarishim qiyin bo‘ladi».
«U ko‘pincha onam «itga o‘xshab» 9 bolani dunyoga keltirgani va bizlardan hech kim oliy ma’lumot olmaganini kesatadi. Bolani cho‘chqa ham tug‘ishi mumkin, deya takrorlashdan charchamaydi. Shuningdek, janjal chiqqan paytda onamni tentak deydi. Otamni kamroq haqoratlaydi, balki uni tirik ko‘rmagani uchundir. Ilgarilari ota-onam tarafini olishga urinardim, ammo keyin bu bilan qaynonamdagi «olov»ni yanada ko‘proq avj oldirishimni tushunib yetdim. Chunki bunday holda u meni va ota-onamni bir necha soat tinimsiz so‘kardi», – hikoya qiladi Maftuna.
Maftunaning qaynonasi – ma’nodor yuzli, 75 yoshga kirgan kampir. Uning nigohlarida boy hayotiy tajriba, vaqt izini va tiniq teri bilan qoplangan tabiiy chiroyni uqish mumkin. Maftuna o‘zi bilan qaynonasi o‘rtasidagi o‘xshashlikni qayd etadi – ikkalasi ham tabiiy xushro‘y qizil yuzli, ma’nodor ko‘zli, uzun sochlarini boshi orqasiga chambaraksimon yig‘ishtirib, ro‘mol o‘rab olishadi. Odamlar bilan muloqotda qaynona boshqalarga ochiqlik va muloyimlik ko‘rsatishga moyil bo‘lganidan uni birov zolim deb atashga shubha qiladi. Maftunaning hikoya qilishicha, qaynonasi iris va archalar to‘la hovlisi darvozasi oldi sarishta bo‘lishini istaydi, uyi ichkarisi ham o‘ta toza va tartibli bo‘lishi uning doimiy talabi.
Qaynona va kelin deyarli yigirma yildan beri bir tom ostida birga yashaydi. Maftuna qaynonasiga hadeb duch kelavermaslik va janjallashib qolavermaslik uchun uy ishlari va tomorqa yumushlari shug‘ullanishga harakat qiladi.
Ayolga g‘amginlikdan chalg‘ishga mevali daraxtlar ekilgan katta bog‘ ham ko‘mak beradi, Maftuna qaynotasi o‘lganidan beri bog‘ parvarishi bilan mashg‘ul. Bu yerga kartoshka, ko‘kat ekadi, tovuq boqadi.
«Bilasizmi, qaynonam tovuq – bu Alloh tomonidan insonga ato etilgan yetti hazinaning biri, deb ko‘p gapiradi. Men parrandalarga qaraganimda ko‘nglim ancha taskin topadi. Marhum onam ham jo‘ja ko‘paytirishni juda yaxshi ko‘rardi», – eslaydi Maftuna.
«Sokinlik vaqtida yoki qaynonam kayfiyati yaxshi bo‘lib turgan paytda buni baxtga yo‘yamiz, bunday sokinlikdan quvonamiz, bir vaqtning o‘zida qaynonamning kayfiyati yana o‘zgarib qolmasligi uchun nimadir yoqmaydigan ishga qo‘l urishdan qo‘rqamiz», – deydi ayol.
Maftunaning aytishicha, bunday «qarg‘ashlar» dan qaynona bir necha soat yoki kunlardan keyin o‘ziga keladi. Janjallardan keyin qaynonaning o‘z o‘g‘li, Maftunaning eri va va nevaralariga munosabati o‘zgaradi, har qanday xatosi uchun, masalan, nabirasi biror narsani polga tushirib yuborsa yoki olmani ovoz chiqarib tishlasa ularni so‘kishni boshlaydi. Bunday kezlarda qaynona ularga onasi (Maftuna) esi past bolalarni tuqqan tentak ayol deb javraydi».
«Men bunday hollarga o‘rganib qolganman, deyish mumkin. Shunchaki o‘zimga o‘zim aytaman, qaynonam keksa va kasal ayol deb», – deydi Maftuna.
Maftuna ish kunlari ertalab soat 5 da turadi, uylarni yig‘ishtiradi, hayvonlarga yem beradi, nonushta tayyorlaydi va bolalar bog‘chasiga ishga boradi. Ishdan keyin kech qolmaslik va qaynonasining qahriga duchor bo‘lmaslik uchun uyiga shoshadi. Uyiga kelishi bilanoq Maftuna tezda kiyimini almashtiradi, chunki har qanday kechikish qaynonasining qahriga sabab bo‘ladi. Maftuna ushbu kun tartibiga to‘yidan beri rioya qilib keladi.
Maftuna o‘z vaqtining katta qismini «ozodlik oroli» deb ataydigan oshxonada o‘tkazadi. Ovqat tayyorlaydi, uy yig‘ishtiradi va ruhiy bosimni yengish maqsadida namoz o‘qiydi. Uning kun tartibi yil mavsumiga bog‘liq: qishda uyquga erta yotadi, yozda bog‘ni sug‘orish zaruriyatidan kech uxlaydi.
Maftuna uyi bo‘lgan chog‘da qaynonasini deb telefonda gaplashishdan tiyiladi, ishdan keyin uni ovozsiz rejimga o‘tkazadi. Qo‘ng‘iroqlar, u xoh hamkasblar bo‘lsin, xoh bolalar ota-onalari bo‘lsin, qaynonani asabiylashtiradi, ko‘pincha haqoratlarga sabab bo‘ladi. Maftunaning qarindoshlari qo‘ng‘iroq qilmay qo‘yishgan, uinikiga hech kim mehmonga borishmaydi. Maftuna yosh kelinchaligida unikiga qarindoshlari va singillari kelib turishgan, ammo ularning tashrifidan keyin qaynona noroziligini bildirib kelgan.
«Ba’zida men bu uyni faqat qochib qutulish mumkin bo‘lgan turma deb his qilaman, ammo bolalarim shu yerda va bu uy ular uchun qadrdon», – deydi Maftuna. Maftunaning hikoya qilishicha, yildan yilga qaynonaning diydiyolari tobora ko‘payib bormoqda. Ayol bunday vaziyatlardan chiqishning yagona yo‘li sabrda deb biladi.
Maftunaning fikricha, oilaviy zo‘ravonlik ayollar uchun erkinlikning yo‘qligini anglatadi. Uyida ikkita televizori ham bor, ulardan birini eri bilan kreditga olgan, ammo qaynonasi yagona tomoshabin hisoblanadi. «Oyijon» uyda bo‘lgan paytda bolalar televizor ko‘rolmaydi, chunki «keraksiz filmlar»ni ko‘rganliklari uchun ularni urishadi. Bolalar televizorni buvilari yo‘qligida ko‘rishga odatlanishgan.
Maftuna bir necha marta achchiq ustida o‘zini o‘ldirishga uringanini gapirib berdi. Oxirgi marta u oshxona sirkasi solingan idishni olib ichishga uringan, biroq qaynonasi uni qo‘lidan yulib olishga urinib, Maftunaning yuziga tarsaki tushirgan. Shundan keyin Maftuna ruhiy tushkunlikda qoldi, tumanda qolgan kabi na o‘zini, na atrofidagi bolalarini ko‘rdi, go‘yoki ichidagi kuch chiqib ketganday bo‘ldi, nima qilarini bilmay qoldi.
Maftuna o‘zini o‘ldirishga qaror qilgan janjal sababini eslay olmaydi. Uning aytishicha, qandaydir lahzada bu hayotga chidashga bo‘lgan kuchi shunchaki ado bo‘lgan. Bu u hayotdan ketishga uringan ikkinchi hodisa bo‘lgan, ammo birinchi hodisa haqida so‘ramaslikni iltimos qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qaynona tomonidan qo‘l ko‘tarish odati ko‘p yuz beradigan hodisa emas, ammo u kelinining yuziga urishi yoki bolalariga qo‘l ko‘tarishi mumkin. Bir kuni qaynona g‘azab otiga minganda Maftunanini bo‘g‘ib qo‘yishga uringan. Ayolning qayd etishicha, ruhiy azoblardan ko‘ra, jismoniy bosimni ko‘tarish osonroq.
Maftuna yashaydigan, yaxshi qaralgan katta uyning 75 yoshli bekasi astma va oyoqlar og‘rig‘i kabi sog‘lig‘idagi muammolar, ehtimol, uning kayfiyatiga ta’sir qilar.
Maftunaning so‘zlariga ko‘ra, qaynonasi nafaqat unga, balki o‘z bolalariga ham zo‘ravonlarcha munosabatda bo‘ladi. Qariya ko‘pincha o‘z o‘g‘liga narsa uloqtiradi yoki yuziga tarsaki tushiradi, u esa onasidan qochishga majbur bo‘ladi. O‘g‘li bilan janjallar maishiy masalalardan kelib chiqadi, hatto qo‘shnilarning uning pichinglariga reaksiyasi o‘g‘lini quyushqondan chiqarib yuborishi mumkin.
O‘z navbatida, Maftunaning aytishicha, qaynonasi haqoratlarga qaramay, bolalari va nabiralariga g‘amho‘r, ularga moliyaviy tomondan ham yordam berib turadi.
O‘zbek oilalarida o‘g‘illar ota-onalarini yolg‘iz qoldirmaydi
Maftunaning hikoyasida er yumshoq va deyarli qat’iyatsiz kishi sifatida tasvirlanadi. U oilaviy janjallar paytida vaziyatni keskinlashtirmaslik uchun xonasiga kirib ketishni afzal ko‘radi. Er-xotinlar alohida uy olib chiqib ketish imkoniyatini muhokama etishgan, biroq o‘zbek oilalarida o‘g‘illar ota-onalarini qoldirib ketmaslikni tushunadilar.
O‘zbekiston oilalaridagi a’analarga ko‘ra, yosh kelinlar turmush o‘rtog‘ining ota-onalaridan aloqa uzmaydilar va birgalikda yashashni ixtiyor qilishadi. Ushbu amaliyot katta avlodga hurmat va oilaviy rishtalarni dastaklashga asoslangan. Uy-joy, odatda, bir necha avlodlar uchun umumiy hisoblanadi, bu esa qarindoshlar o‘rtasidagi mustahkam munosabatlarga xizmat qiladi. Yosh oilalar ota-onalari tomonidan dastak va ko‘mak, shuningdek, maslahat va hayotiy tajriba oladilar.
Maftunaning aytishicha, qaynonasining o‘zi o‘g‘li uchun kelin tanlagan.
«Men juda kech, 29 yoshimda turmushga chiqdim. Bo‘lg‘usi erimning yoshi o‘sha paytlarda deyarli 32 da edi. «Oyijon» ning aytishicha, u mengacha bir necha o‘nlab qizlarni ko‘rgan, ammo meni tanlagan. Oldinlari qaynonam erli bo‘lganim uchun undan minnatdor bo‘lishim borasida ta’na dashnom berardi, aks holda hamon qari qiz bo‘lib, oilasiz va farzandlarsiz o‘tirarkanman. U yana qashshoqlikdan to‘g‘ri «oltin jom»ga tushib qolganimni menga eslatib turadi».
Maftunaning gapirib berishicha, qaynonasining fe’li yillar o‘tishi bilan yomonlashib boryapti, u bunga ko‘nikib ham bo‘lgan, faqat sabr undan chiqish yo‘li ekanligini tushunadi. Qaynonasida nazorat qilib bo‘lmas jazava va jizzakilik boshlansa, baqir chaqir qilsa, qo‘llarini qilich qilsa, uni haqoratlasa, Maftuna ichida duolar o‘qiydi, bu unga vaziyatdan chiqib ketishga yordam beradi.
«Qaynonaning noroziligiga nima sabab bo‘lganini topish qiyin, – deydi Maftuna. Masalan, bu kecha men do‘kondan olib kelgan, ammo mazasi onajonga yoqmagan pishloq bo‘lishi mumkin. U avvallari oziq-ovqat tanlashni bilmaysan deya so‘kardi, keyin mening oilamda sifatli mahsulotlar iste’mol qilmaganligimizni, shuning uchun hech bir tuzuk narsa xarid qila olmasligimni yuzimga solardi. Shundan keyin ota-onam, singllarim va akalarimni haqorat qilishga tushadi. Odatda, shunday paytlarda erim kirib qolsa, unga ham barchasini qayta gapirirar, men va mening yaqinlarimni haqorat va qarg‘ashda davom etardi. Bunday lahzalarda qo‘rquvdan qayerga qochishni bilmay qolaman. Har safar bozor yoki do‘konga borish men uchun azob, qandaydir mahsulot oyijonga yoqmay qolishidan qo‘rqaman. Yana ham dahshatlisi, mahsulotlarni uyga olib kirgan chog‘imda «oyijon»ning oshxonada bo‘lib qolishi, ular paketlarni bo‘shatayotgan lahzalarda yerga ko‘milib olishga ham tayyor bo‘laman».
Oilaviy budjet Maftuna va uning turmush o‘rtog‘i maoshidan shakllanadi. Qaynonasi o‘zining pensiyasini yig‘ib boradi, ammo ba’zida uni yeb ichishga sarflaydi.
Ruhiy quvvatlov
Maftuna psixolog yordami to‘g‘risida o‘ylaganmi, degan savolga tabassum bilan javob qaytaradi: «Mening o‘zim psixolog bo‘lib qoldim. Ishxonada ko‘pincha yosh kelinlar qaynonasidan shikoyat qilib qolishadi, men ularga o‘z qaynonam haqida gapirib berganimdan keyin jimib qolishadi, keyin maslahat so‘rashadi. Men ularga qo‘limdan kelgancha yordam beraman».
O‘zbekistonda oilaviy zo‘ravonlik qurbonlari uchun qator ishonch telefonlari va ko‘mak markazlari mavjud. Masalan, Nemolchi.uz loyihasi zo‘ravonlik qurbonlari uchun bepul ruhiy va yuridik yordam taqdim etadi. Zo‘ravonlik tarixini yashirincha Telegram botlariga jo‘natish imkoniyati ham bor. Bundan tashqari, «Nihol» nohukumat-notijorat tashkiloti, Fuqaroviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash markazi, shuningdek, mamlakatning turli viloyatlarida oilani ijtimoiy qilish markazlarining ishonch telefonlari mavjud. Zo‘ravonlikni boshdan kechirgan ayollar uchun O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi hamda zo‘ravonlik qurbonlarini reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining ishonch telefonlari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Bundan tashqari, Vazirlar mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi butun mamlakat hududi uchun 1146 bepul telefon liniyasini tashkil etgan. Ishonch telefoni mutaxassislari zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayol va qizlarga qiyin vaziyatdan chiqishga, ruhiy, huquqiy, tibbiy yordam olishga ko‘maklashadilar. Shu bilan birga qo‘ng‘iroqlarning maxfiyligi ta’minlanadi. Biroq bular yetarlimi? Bu tuzilmalarning barchasi bugun oilaviy zo‘ravonliklarni yechishga yordam beradimi?
Toshkentdan amaliyotchi-psixolog Boboyor To‘rayev ayollar qaynonalarining zulmiga uchragan oilalarga ko‘p yordam qilganini qayd etadi.
Uning ta’kidlashicha, yordam markazlari misolida bo‘lgani kabi ayollarga oddiy maslahat va ko‘rsatmalar taqdim etilishi samarasiz. Buning o‘rniga, professional psixologik yordam birmuncha amaliy yondoshuv hisoblanadi.
Psixologning aytishicha, ayollar ko‘pincha oilaviy zo‘ravonlik qurbonlariga ko‘mak ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yordam markazlari va ishonch telefonlari mavjudligi haqida hech narsa bilishmaydi. Biroq, uning fikricha, bunday markazlarda har doim ham maslahatni to‘g‘ri olib boradigan, insonni emotsional jizg‘anaklik va jarohatdan olib chiqish yo‘lini biladigan malakali mutaxassislar ishlayvermaydi. Noto‘g‘ri yordam ayollarni yanada ko‘proq jarohatlashi mumkin.
Zo‘ravonlik va tajovuzkorlik muammolarini yechish uchun, psixolog To‘rayev fikricha, psixolog ko‘magi vaqtinchalik chora sanaladi. Muammoni uzoq muddatli yechimi uchun tahliliy tafakkur va o‘z joniga qasd qilish holatlariga barham beradigan qo‘shimcha ko‘nikmalar zarur. U shuningdek, bolalarga ilk yoshlaridanoq psixologik huquqni o‘rgatishni taklif etadi, bu esa zo‘ravonlikni jilovlay olishlariga va psixologik g‘o‘rlik oldini olishlariga imkon beradi, zo‘ravonlikning takroriy hodisalariga tushib qolishlari oldini oladi.
“Biz qizlarda ularga nisbatan potensial zo‘ravonlik ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan qaynona, erkaklar va atrofdagi odamlar bilan samarali muloqot olib borish ko‘nikmalarini tarbiyalashimiz kerak ”,- deya xulosa qiladi To‘rayev.
Reallikka aylangan orzu
Maqola e’lon qilinishi arafasida Maftuna quvonchli yangilikni xabar qildi – u pedagogika oliy o‘quv yurtining sirtqi bo‘limiga o‘qishga kirdi. «Bilasizmi, mening 30 yillik orzuim ushaldi. Men har doim oliy o‘quv yurtida tahsil olishni istaganman, ammo oilamizning moddiy ahvoli bunga imkon bermagan. Men o‘zimni kuchli his qilaman. O‘qishni boshlayotganimga hanuz ishongim kelmaydi», – deydi ko‘z yoshlari ortidan Maftuna.
U ishlayotgan bolalar bog‘chasi mudirasi eng tajribali xodimalarga oliy ta’lim dargohiga maxsus kvotalar bo‘yicha o‘qishga kirish uchun hujjat va test imtihonlarini topshirishni taklif etgan. Maftuna 100 balli tizimda 80 ball to‘plab talabaga aylandi. Bir vaqtning o‘zida uning katta o‘g‘li 9-sinfni tamomlab, Akademik litseyga kirganidan ayolning quvonchi ikki hissaga oshdi.
Maftunaning gapirib berishicha, o‘qish uchun to‘lov qisman o‘z mablag‘lari va u ishlayotgan muassasa hisobidan qoplanadi.
Avvaliga Maftunaning qaynonasi kelinining oliy ta’lim olish g‘oyasiga ishonchsizlik bilan qaragan, buni yosh paytida yoki maktabni tugatgan zahoti amalga oshirish kerakliginiga ishora qilgan. Ammo uning o‘qishga kirgani haqidagi yangilik u tomonidan quvonch bilan qarshi olingan. Maftunaning aytishicha, qaynonasi oilaviy sabablarga ko‘ra o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmagan, biroq har doim o‘z bolalari va nabiralarining bilim olish intilishini qo‘llab-quvvatlagan.
Ikki yil oldin O‘zbekiston hukumati qarorni tasdiqladi, unga ko‘ra, mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan ayollar Oila va ayollar ishlari bo‘yicha Qo‘mita tavsiyasiga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-shartnoma asosida kirishlari mumkin (imtihonsiz, faqat kichik test asosida).
Ajdahoni o‘ldirish…
Maftunaning hikoya qilishicha, ishxonada bolalar bilan sharq ertaklari asosidagi qandaydir eski multfilmni ko‘rishgan, unda bolakay butun qishloqni dahshatga solgan ajdahoni o‘ldiradi. Biroq ajdahoni mahv etish imkonsiz edi, chunki ajdahoni o‘ldirgan har qanday kishi unga aylanib qolardi, faqat yuragi toza odamgina uni yo‘q qilib, inson bo‘lib qolaverishi mumkin edi.
Ayolning aytishicha, multfilm unda katta katta tassurot qoldirgan. Agar vaziyatga qarshi tursa, qaynonasini bostirishga urinsa, u holda uning o‘zi zolimga aylanib qolishini tushunib yetgan.
«Men unga yomonlik tilashdan to‘xtadim. Bu islomda ta’qiqlangan. Ibodatlarimda Allohdan o‘zimning bo‘lg‘usi kelinlarimga qaynonam kabi bo‘lmaslikni o‘tinib so‘rayman. O‘z bolalarim va yaqinlarim hayotini zaharlashni istamayman», – deydi Maftuna.
Psixolog To‘rayevning qayd etishicha, o‘z faoliyatida ko‘pincha odamlarning barcha narsani o‘z nazoratida ushlab turish istagiga duch kelgan. Ota-onalar bolalari va oilaning boshqa a’zolari ustidan qattiq nazorat olib borishlari mumkin, bu himoya mexanizmi sanaladi, uning ortida esa yolg‘izlik va himoyasizlik qarshisidagi ichki qo‘rquvlar yashiringan.
Psixologning so‘zlariga ko‘ra, yaqinlariga nisbatan zolimlik qiladigan ayollarning 90 foizi baxtsiz va kasal odamlardir.
Maftana qaynonasining aytishicha, 6 yoshida uning onasi qazo qilgan, kichkina ukasi bilan ayolidan keyin ikki marta uylangan ota qo‘lida qolgan, oradan bir yil o‘tib uni va ukasini bu nikohdan uch nafar bola tuqqan o‘gay onasi tarbiyalay boshlagan. Qaynonasining esdaliklariga ko‘ra, ularning o‘gay onasi har yili tuqqan va qarindoshlarinikiga bir necha oyga ketib, bolalarini ularga tashlab ketgan. Ayol ukasi bilan birga go‘dak bolalarga qanday g‘amxo‘rlik qilganliklarini, otasi va o‘gay onasi urushib qolgnanlarida qarindoshlarinikiga bot-bot ko‘chib o‘tganlarini, deyarli har oy maktabni almashtirganliklarini yaxshi eslaydi.
Maftunaning qaynonasi bolaligida ukasi bilan birga o‘gay onasidan bolalarga e’tiborsiz qaragan degan bahona bilan yegan kaltaklariga sabr qilganlarini tez-tez unga gapirib beradi.
Qaynona yana uning ukasi 13 yoshida o‘g‘irlikka o‘rganganini, bozordan o‘g‘irlangan qovun olib kelganini va o‘gay ona buning uchun uni maqtaganini ham esdan chiqarmagan. Natijada uning hayoti fojia bilan tugagan. Ayol o‘zining o‘g‘li (Maftuna eri) shu yo‘ldan ketishidan qo‘rqqan va shuning uchun bolaligidan uni qattiq nazorat qilganini tan olgan.
Zo‘ravonlik hukmron bo‘lgan oilalarda voyaga yetgan bolalar kattalardagi fe’l-atvorning ushbu modelini takrorlashga moyil bo‘ladilar. Bu avloddan avlodga o‘tishdek xavfli davrni yuzaga keltiradi, ularning har birida yangi zo‘ravonlik tug‘iladi.
Oilaviy zo‘ravonlik va tajovuz muammosiga qarshi kurashish uchun davlat qator choralarni ko‘rishi zarur. Birinchi navbatda, oilaviy zo‘ravonlik qurbonlari uchun mavjud bo‘lgan yordam markazlari va ishonch telefonlari haqida informatsion kompaniyani kuchaytirish kerak. Ayollar zo‘ravonlik yuz bergan taqdirda qayerga murojaat qilishni bilishlari uchun bu resurslarning imkonliligi va ko‘rinuvchanligini ta’minlash lozim.
Bundan tashqari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mamlakat muassasalaridagi ta’lim dasturlariga zo‘ravonlik belgilari haqidagi xabardorlikni oshirish va uning oldini olishga qaratilgan trening va seminarlarni kiritish kerak.
Maftuna bilan bog‘liq hodisa shuni ko‘rsatmoqdaki, ayollar bunday vaziyatda har doim ham zo‘ravonlikdan himoya qidirmaydi va ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilmaydi. Oilaviy zo‘ravonlikning bunday qurbonlariga psixologik yordam kerak, darvoqe, uzoq muddatli asosda, nafaqat unga, balki butun oila a’zolariga, jumladan, zo‘ravonning o‘ziga.
Masalan, aksariyat rivojlangan davlatlarda, psixologik zo‘ravonlikni oilaviy zo‘ravonlik shakli sifatida belgilanadigan qonunlar mavjud. Misol uchun, Yevropa Kengashining ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish va unga qarshi kurash to‘g‘risidagi Konvensiyada zo‘ravonlik nima, jumladan, oila davrasida yuz berayotgan jismoniy, jinsiy, psixologik va iqtisodiy zo‘ravonlik nima, degan masalalar aniq tiniq belgilab berilgan. Bu qonunlar qurbonlarning huquqiy himoyasini ta’minlaydi va ularga inqiroz markazlariga yordam so‘rab murojaat qilishga imkon beradi.
Shuni ham hisobga olish kerakki, psixologik qurbonning hammasi ham yordam markazlari bog‘lanish nomerlarini topishga va ularga qo‘ng‘iroq qilishga o‘zida kuch topa olmaydi. Ammo deyarli har bir ayolda uyali telefon bor, u orqali bitta tugmachani bosish bilan og‘ir vaziyatlarda o‘ziga kerakli yordamni olishi mumkin. Masalan, YouTalk ilovasi psixologik yordam va dastakka bo‘lgan imkoniyatni, jumladan, professional psixolog va psixoterapevtlar bilan maxfiy muloqotni taqdim etadi. Bu ayollarga o‘zdari uchun qulay vaqtda ko‘mak olishga imkon beradi.
Ehtimol, bu foydalanuvchilarga so‘rovnoma yordamida o‘zining ruhiy salomatligini kuzatib borishga yordam beradigan, kerak bo‘lsa, professional yordamga zaruratini aniqlashtirib beradigan ilova bo‘lar.
Masalan, AQSH, Kanada va Yevropa mamlakatlarida Calm (ingliz tilidan “osoyishtalik”) va meditatsiya va texnika uchun Headspace kabi ilovalar bo‘lib, psixologik zo‘ravonlik sabab stress va tashvishni boshdan kechirayotgan ayollar uchun foydali bo‘lishi mumkin. Mazkur ilovalar ko‘plab tillarda faoliyat ko‘rsatadi va zo‘ravonlikni boshdan o‘tkazgan ayollar tomonidan faol ishlatiladi.
Biz mamlakat dasturchilari va IT- mutaxassislarini o‘zbek ayollarini psixologik yordam va dastakka ega bo‘lishlari uchun o‘zbek tilidagi muqobil ilovalarni yaratishga chaqiramiz.
Sharhlar