Qon quyuqlashishi insult va infarktga olib keladi
Qon inson tana a’zo va to‘qimalarini kislorod hamda zarur ozuqa moddalari bilan ta’minlaydi. U infeksiyalarga qarshi kurashib, ichki a’zolar faoliyatida ishtirok etadi. Qon quyuqlashishi organizmdagi ana shu jarayonlarning buzilishiga olib kelishi, oqibatda esa yashirin kasalliklar yuzaga kelishi yoki yangilari paydo bo‘lishi mumkin.
Qon quyuqlashishiga ko‘pincha sovqotish, qattiq asabiylashish, qandli diabet, shuningdek shirinliklar, kartoshka, banan, tuxum, gazli ichimliklar, fastfud va turli qovurma taomlarni ko‘p iste’mol qilish sabab bo‘ladi. Shuningdek, bu holat kam suyuqlik ichish, havo haroratining ko‘tarilishi yoki keskin pasayishi va organizmdagi ayrim o‘zgarishlar tufayli ham yuzaga keladi.
“Natijada insonda bosh og‘rig‘i, jizzakilik, tushkunlik, xotira pasayishi, holsizlik, uyquchanlik, qo‘l va oyoqlar sovqotishi, og‘iz qurishi kabi simptomlar kuzatiladi”, – deyiladi xabarda.
Bu holatda yurak tez urishi, nafas qisishi, tananing turli qismlarida ko‘karishlar paydo bo‘lishi va tirnoq shakli o‘zgarishi ham mumkin. Hatto miyaga qon yaxshi yetib bormasa, bosh aylanishi, hushdan ketish ehtimoli ham mavjud. Bu salbiy holatlar esa tomirlarda qon aylanishining buzilishi va trombozlar hosil bo‘lganidan darak beradi. Oqibatda insult va infarkt xavfi ortadi.
Qon holatini tekshirish uchun shifokorga o‘z vaqtida murojaat qilish lozim. Agar tibbiy teyeshiruvlardan so‘ng uning quyuqligi me’yordan ortiq ekani ma’lum bo‘lsa, zarur muolajalar tayinlanadi. Biroq qonni suyultiruvchi dori vositalarini o‘zboshimchalik bilan qabul qilish mumkin emas. Sababi uning haddan ortiq suyuq bo‘lishi jarohatlarda qonning to‘xtamay qolishiga olib keladi, deyilgan.
Sharhlar