,

Soch to‘kilishining asosiy sabablari nima

Foto: kun.uz

Bugungi kunda soch to‘kilishi — turli yoshdagi insonlarni qiynayotgan jiddiy muammo. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir dunyoda ayollarning 75 foizi, erkaklarning 50 foizi aynan shu kasallikdan aziyat chekmoqda.

Odatda soch to‘kilishi muntazam davom etuvchi holat hisoblanadi. Ya’ni me’yor bo‘yicha bir kunda o‘rtacha 80-100 tagacha tola to‘kilishi mumkin. Agar bu holat tezlashib, yangi tolalar o‘sib chiqishi kamaysa, albatta, xavotirli holat.

Soch to‘kilishiga olib keluvchi omillar juda ko‘p. Eng avvalo, bu irsiyat bilan bog‘liq. Ya’ni ota-onalardan birida bunday muammo bo‘lsa, u farzandga ham o‘tish ehtimoli yuqori.

Qolaversa, ba’zida soch o‘choqli, ya’ni tanga-tanga bo‘lib to‘kilishi yoki umumiy siyraklashishi mumkin. Ayrim erkaklarda esa androgen alopetsiya (tepakallik) uchraydi. Bunday kasallik gormonlar faoliyati buzilishi hamda irsiyat bilan bog‘liq.

Tangali soch to‘kilishi yondosh kasalliklar hisobiga yuz berishi, gemoglobin kamayganda, homiladorlikda, narkoz olishda va asabiylashganda kuzatiladi.

Surunkali infeksiyalar, sil, o‘sma kasalliklari, nurlanish, stress, kasb bilan bog‘liq noqulay sharoitlar, noto‘g‘ri parvarish, vitamin va boshqa muhim moddalarning yetishmasligi, ayrim dorilarni qabul qilish hamda oshqozon-ichak traktining patologiyalari ham ushbu muammoni yuzaga chiqaradi. Tabiiyki, bunday holatlarda ko‘pchilik insonlar soch ekish amaliyotiga murojaat qiladi.

Ushbu davolash turining ikki xil — jarrohlik va FUE usuli mavjud. Birinchi usulda soch teri bilan kesib olinib, graftlar bitta-bitta tola ildizlarga ajratiladi va alohida joylashtiriladi.

FUE — bu choksiz, kesmagan holda transplantantlarni olish va kiritishning mikrojarrohlik usuli bo‘lib, bugungi kunda mana shu davolash turi keng qo‘llanilmoqda. Unda 1-4 toladan iborat soch guruhlari bemorning ensa sohasidan yoki tananing boshqa qismlaridan olinadi.

Agar ushbu amaliyotdan keyin shifokorlarning tavsiyalariga to‘liq amal qilinsa va davolanishning boshlang‘ich muddatidan yaxshi o‘tib olinsa, ko‘p hollarda ekilgan tolalar qayta to‘kilmaydi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.