Livanda Isroil zarbalari oqibatida bir kunda 105 kishi halok bo‘ldi
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, Isroil harbiylari bergan zarbalar oqibatida bir kecha-kunduzda 105 kishi halok bo‘lib, 359 kishi yaralangan, deb yozadi “Kommersant”. Livan janubi, Bekaa va Baalbek-Xermeldagi shahar va qishloqlar hamda Bayrutning janubiy chekkalari hujumlarga uchragan.
BMTning qochqinlar masalalari bo‘yicha agentligi (UNHCR) ma’lumotlariga ko‘ra, 29-sentabr holatiga, Livanni 70 mingdan ortiq odam tark etgan. O‘sha kuniyoq mamlakat bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Najib Mikati 1 millionga yaqin aholi mamlakat ichida boshqa joyga ko‘chirilganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, Mikatining so‘zlariga ko‘ra, 118 ming kishi ayni paytda 778 ta boshpanada jon saqlamoqda.
Isroil 23-sentabr kuni Livanga hujum operatsiyasi haqida e’lon qildi. Bir necha kun ichida “Hizbulloh”ning 30 ga yaqin yetakchisi, shu jumladan, uning bosh kotibi Hasan Nasrullo o‘ldirildi. 12 kun ichida 1030 kishi halok bo‘lib, yana 6,3 ming kishi yaralangan.
Sharhlar