11-sentabr teraktlarining uch nafar tashkilotchisi o‘z ayblarini tan olishga rozi bo‘ldi
2001-yil 11-sentabr kuni Nyu-Yorkda sodir etilgan teraktlarni tashkillashtirishda ayblanayotgan uch kishi — Xalid Shayx Muhammad, Valid bin Attash va Mustafo al-Xavsaviy o‘lim jazosidan ozod etilishi evaziga o‘z ayblariga iqror bo‘lishga rozi bo‘ldi, deb yozadi “Kommersant”. Bu haqda AQSH Mudofaa vazirligi harbiy komissiyalari bo‘yicha bosh prokuror boshqarmasi xatida aytiladi. Ushbu shaxslar 2003-yildan buyon AQSHda hibs ostida qolmoqda.
The New York Times gazetasi e’lon qilgan, teraktlar qurbonlari oilalariga yo‘llangan xatda aytilishicha, ushbu uch nafar ayblanuvchi ehtimoliy jazo sifatida o‘lim jazosining bekor qilinishi evaziga, o‘zlari ayblanayotgan barcha jinoyatlarda, shu jumladan, 2976 kishining o‘limida o‘zlarini aybdor deb tan olishga rozi bo‘lgan.
Ayblanuvchilar Guantanamo qamoqxonasida saqlanmoqda. Aybga iqror bo‘lish haqidagi muzokaralar 27 oy davom etgan. NYT yozishicha, Xalid Shayx Muhammad 59 yoshda. AQSH hukumati fikricha, u teraktni amalga oshirish uchun samolyotlarni olib qochish bo‘yicha reja mualliflaridan biri bo‘lgan. 1996-yilda u o‘z g‘oyasini “Al-Qoida” sobiq yetakchisi Usama bin Ladenga taqdim etgan. Shundan keyin Valid bin Attash (45 yosh) va Mustafo al-Xavsaviy (55 yosh) bilan birga terrorchilarni mashq qildirishda yordamlashgan.
2001-yil 11-sentabr kuni “Al-Qoida” jangarilari to‘rtta yo‘lovchi samolyotini egallab olgan edi. Ikkita samolyotni terrorchilar egizak binolarga yo‘naltirgan, yana bittasi Pentagon binosiga borib urilgan, to‘rtinchisi esa Pensilvaniyaga qulagan edi. Hujumlar oqibatida 19 nafar jangaridan tashqari, 2976 kishi halok bo‘lib, yana 24 kishi bedarak yo‘qolgan. Terakt qurbonlar soni bo‘yicha tarixdagi eng yirigiga aylangan.
Sharhlar