Pentagon 11-sentabr teraktlari tashkilotchilari bilan kelishuvni bekor qildi
AQSH mudofaa vaziri Lloyd Ostin 2001-yil 11-sentabr teraktlarining bosh tashkilotchisi deb gumon qilinayotgan Xalid Shayx Muhammad va yana ikki ayblanuvchi tergov bilan tuzgan sudgacha kelishuvni bekor qildi, deb yozadi DW.
Pentagon rahbari teishli qarorni 2-avgust kuni chiqargan. Tergov bilan bitim tuzish haqidagi qarorning ahamiyatini hisobga olgan holda, “bunday qaror uchun javobgarlik mening zimmamda bo‘lishi kerak”, deya aniqlik kiritdi Ostin.
Eslatib o‘tamiz, 31-iyul kuni 2001-yil 11-sentabr kuni Nyu-Yorkda sodir etilgan teraktlarni tashkillashtirishda ayblanayotgan uch kishi — Xalid Shayx Muhammad, Valid bin Attash va Mustafo al-Xavsaviy o‘lim jazosidan ozod etilishi evaziga o‘z ayblariga iqror bo‘lishga rozi bo‘lgan edi.
Ushbu uch nafar ayblanuvchi ehtimoliy jazo sifatida o‘lim jazosining bekor qilinishi evaziga, o‘zlari ayblanayotgan barcha jinoyatlarda, shu jumladan, 2976 kishining o‘limida o‘zlarini aybdor deb tan olishga rozi bo‘lgan.
Ayblanuvchilar Guantanamo qamoqxonasida saqlanmoqda. Aybga iqror bo‘lish haqidagi muzokaralar 27 oy davom etgan. NYT yozishicha, Xalid Shayx Muhammad 59 yoshda. AQSH hukumati fikricha, u teraktni amalga oshirish uchun samolyotlarni olib qochish bo‘yicha reja mualliflaridan biri bo‘lgan. 1996-yilda u o‘z g‘oyasini “Al-Qoida” sobiq yetakchisi Usama bin Ladenga taqdim etgan. Shundan keyin Valid bin Attash (45 yosh) va Mustafo al-Xavsaviy (55 yosh) bilan birga terrorchilarni mashq qildirishda yordamlashgan.
Sharhlar