Jonson Ukrainaga 1991-yilgi chegaralarni qaytarish talabidan voz kechishni taklif qildi
Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Boris Jonson Daily Mail uchun yozgan maqolasida AQSHda hokimiyat tepasiga respublikachi Donald Tramp keladigan bo‘lsa, Ukrainadagi nizo qanday tugashi mumkinligi borasida o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.
Uning fikricha, aynan Tramp urushni Kiyev va G‘arb uchun manfaatli shartlarda yakunlay oladi. Bunday shartlardan biri sifatida u Ukrainaning 2022-yil 23-fevraldagi chegaralarga chiqishini aytib o‘tdi, bu esa 1991-yilgi chegaralarni qaytarish talabidan voz kechishni anglatadi.
“Bo‘lajak ziddiyatlar va noaniqliklardan qochish uchun Ukrainaning qolgan qismini Yevroittifoq va NATO doirasida o‘z taqdirini o‘zi tanlashga qodir va tez orada ularga qo‘shilishga mutlaqo tayyor erkin mamlakat deb tan olish zarur bo‘ladi”, — deyiladi maqolada.
Jonson buning uchun Ukrainaga harbiy yordamni oshirishga va Rossiya hududi ichkarisiga zarbalarga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlashga chaqirdi, bu Rossiyani chekinishga majbur qilishi kerak.
Shunday ssenariyni amalga oshirgandan keyin, sobiq bosh vazir Rossiya bilan bitim tuzib, Ukrainada rus tilida so‘zlashuvchilar uchun alohida himoya choralarini joriy qilish, shuningdek, Vashington va Moskva o‘rtasidagi aloqalarni tiklashni taklif qildi, bularni esa faqat Tramp qila olishini ta’kidladi.
Sharhlar