2024-yilgi Tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotini Massachusetslik olimlar oldi
Fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti mikroRNK va uning genlar posttranskriptsion regulyatsiyasidagi rolini kashf etgani uchun olimlar Viktor Ambros va Geri Ruvkunga topshirildi. Bu haqda Nobel qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mitada ta’kidlanishicha, olimlar genlar regulyatsiyasida hal qiluvchi rol o‘ynaydigan RNK ning yangi sinfini kashf etishgan.
“Ularning innovatsion kashfiyoti genlar regulyatsiyasining mutlaqo yangi tamoyilini aniqladi, bu esa odamlarni ham qo‘shganda, ko‘p hujayrali organizmlar uchun muhim bo‘lib chiqdi. Hozirgi kunda inson genomi mingdan ortiq mikroRNK ni kodlashi ma’lum. Ularning ajoyib kashfiyoti genlar regulyatsiyasining mutlaqo yangi qirrasini ko‘rsatdi. MikroRNK organizmlarning rivojlanishi va faoliyat yuritishi uchun fundamental ahamiyatga ega bo‘lib chiqdi”, – deyiladi xabarda.
1980-yillarning oxirida Viktor Ambros va Geri Ruvkun 2002-yilda Sidney Brenner va Jon Salston bilan birga Nobel mukofotini olgan Robert Xorvits laboratoriyasida doktorantlar edi.
Ambros va Ruvkun turli genetik dasturlarning faollashuv vaqtini boshqaradigan, turli xil hujayra turlarining kerakli vaqtda rivojlanishini ta’minlaydigan genlar bilan qiziqishardi. Ular rivojlanish davomida genetik dasturlarning faollashuv vaqtida nuqsonlarni namoyish etgan chuvalchanglarning ikkita mutant shtammini o‘rganishdi. Laureatlar mutatsiyaga uchragan genlarni aniqlash va ularning vazifalarini tushunishni istashdi.
Ambros doktorlik tadqiqotidan so‘ng Garvard universiteti laboratoriyasida ishini davom ettirdi. Shu bilan bir vaqtda, Geri Ruvkun Massachusets umumiy kasalxonasi va Garvard tibbiyot maktabidagi o‘z laboratoriyasida tadqiqotlar olib bordi.
Olimlar haqida nima ma’lum?
Viktor Ambros 1953-yilda AQShning Nyu-Gempshir shtatidagi Gannoverda tug‘ilgan. U Massachusets texnologiya institutida falsafa doktori darajasini olgan, 1979-1985 yillarda u yerda doktorlik tadqiqotlarini olib borgan. Keyinchalik u Garvard universitetining bosh tadqiqotchisi bo‘ldi, Dartmut tibbiyot maktabining professori bo‘ldi, hozir esa Massachusets universiteti tibbiyot maktabida Silverman tabiiy fanlar professori.
Geri Ruvkun 1952-yilda AQShning Kaliforniya shtatidagi Berklida tug‘ilgan. U 1982 yilda Garvard universitetida falsafa doktori darajasini olgan, Massachusets texnologiya institutining doktori bo‘lgan. Keyinchalik u Massachusets umumiy kasalxonasi va Garvard tibbiyot maktabining bosh tadqiqotchisi bo‘ldi, hozir u yerda genetika professori.
Nobel haftasi
Ta’kidlash kerakki, 7 dan 14 oktyabrgacha an’anaviy Nobel haftasi davom etmoqda. 8-oktyabrda fizika bo‘yicha g‘olib e’lon qilinadi, 9 oktyabrda – kimyo bo‘yicha, 10-oktyabrda – adabiyot bo‘yicha, 11-oktyabrda Nobel tinchlik mukofoti topshiriladi, 14-sanada esa Alfred Nobel xotirasiga iqtisodiyot fanlari bo‘yicha Shvetsiya markaziy banki mukofoti topshiriladi.
Sharhlar