Shols: Rossiya Ukrainada oyiga 24 ming askarini yo‘qotmoqda

Foto: European Union

Ukrainadagi urushda bir oyda Rossiya armiyasining 24 ming nafargacha askari halok bo‘lmoqda yoki og‘ir yaralanmoqda. Bu haqda Germaniya kansleri Olaf Shols ma’lum qildi, deb yozadi DW.

Uning ta’kidlashicha, Rossiya armiyasining bu talafotlari ko‘plab ukrainalik askarlar va tinch aholi halokati kabi Vladimir Putinning “imperialistik ulug‘lik vasvasasi” natijasidir. Rossiya prezidenti Ukraina va Belarusni Rossiyaning qismlari deb hisoblaydi, shu sababli Yevropada o‘n yilliklar davomida amal qilib kelgan chegaralar mustahkamligi tamoyilini buzdi, dedi Germaniya kansleri.

Nashr qayd etishicha, Rossiya armiyasining Ukrainaga qarshi to‘liq ko‘lamli urush mobaynida ko‘rgan talafotlari haqida ishonchli ma’lumotlar yo‘q. Ba’zi nashrlar ko‘ngillilar bilan birgalikda izlanish olib borib, 2024-yil apreli holatiga 50 mingdan ortiq rossiyalik harbiylar halok bo‘lganini aniqlagan. Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi esa o‘sha oyda Rossiyaning urushdagi talafotini 450 ming kishiga baholadi. AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘i Uilyam Byorns yanvarda 315 ming Rossiya harbiysi halok bo‘lganini ma’lum qilgandi.

Ukraina qurolli kuchlari talafotlari haqida ham rasmiy ma’lumotlar yo‘q. 2024-yil fevralida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 31 ming ukrain askari halok bo‘lganini aytgandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.