AQSH Ukrainaga 300 mln dollarlik yangi yordam paketi haqida e’lon qildi
AQSH prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan Ukrainaga 300 million dollarlik yangi harbiy yordam paketi haqida e’lon qildi, deb yozadi Reuters.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika hukumati o‘z zaxiralarini to‘ldirish uchun qurol-yarog‘ sotib olish bo‘yicha shartnomalarni kutilganidan ko‘ra manfaatli shartlar bilan tuza olgani tufayli, ushbu mablag‘ni ajratishga muvaffaq bo‘lishgan. Uning qayd etishicha, ajratilgan paket Ukraina armiyasiga faqat “qisqa davr”ga yetadi.
“Ushbu o‘q-dorilar Ukraina qurollari qanchadir vaqt, ammo qisqa darv mobaynida otib turish imkonini beradi. Bu Ukrainaning jangovar harakatlardagi ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli emas, va bu Ukrainada o‘q-dorilar tugashi oldini olmaydi”, — dedi Sallivan brifing chog‘ida.
Uning aytishicha, harbiy yordam paketi artilleriya snaryadlari va HIMARS raketa tizimlari uchun o‘q-dorilar sotib olishni ko‘zda tutadi.
Ukrainaga mablag‘lar ajratish haqidagi qonun loyihasi AQSH Kongressida 2023-yil oktabridan buyon muhokama qilinmoqda. Fevral o‘rtalarida Senat Ukraina, Isroil va Tayvanga 95 milliard dollar ajratish haqidagi partiyalararo tashabbusni tasdiqlagandi. Hujjatni respublikachilar tomonidan nazorat qilinuvchi Vakillar palatasi ma’qullashi kerak. Mayk Jonson qonun loyihasini janubiy chegarani mustahkamlash choralarisiz ovoz berishga olib chiqishdan bosh tortdi.
Sharhlar