Afg‘onlar Frankfurtdagi Pokiston elchixonasiga hujum qildi

Фото: GettyImages

Afg‘onlardan iborat olomon Frankfurtdagi Pokiston konsulligini toshbo‘ron qilib, mamlakat bayrog‘ini yirtib tashlagani uchun Pokiston Germaniyaga norozilik bildirdi.

Bu haqda Pokiston tashqi ishlar vazirligi bayonot bergan.

“Pokiston ekstremistik jinoiy guruh tomonidan o‘zining Frankfurtdagi konsulligiga qilingan kechagi hujumni, shuningdek, Germaniya rasmiylarining o‘z konsullik binolari daxlsizligi va xavfsizligini himoya qilmaganini keskin qoralaydi”, — deyiladi bayonotda.

Diplomatik departament bu voqea konsullik xodimlari hayotini xavf ostiga qo‘yganini ta’kidlagan.

Bundan tashqari, Pokiston TIV 1963-yildagi Konsullik munosabatlari to‘g‘risidagi Vena konvensiyasini eslatib o‘tadi, unga ko‘ra qabul qiluvchi davlat hukumati konsullik binolarining daxlsizligini himoya qilish, shuningdek, diplomatlarning xavfsizligini ta’minlash uchun mas’uldir.

“Biz Germaniya hukumatini Vena konvensiyalari bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish va Pokistonning Germaniyadagi diplomatik vakolatxonalari va xodimlari xavfsizligini ta’minlash uchun zudlik bilan choralar ko‘rishga chaqiramiz”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Departament, shuningdek, Germaniya rasmiylarini jinoyatchilarni hibsga olib, javobgarlikka tortishga chaqirgan.

Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi mojaro 2024-yilning mart oyida avj olgan. Bunga Islomobodning Afg‘onistondagi terrorchilik tashkiloti jangarilarining Pokistondagi teraktlarda ishtirok etgani taxmin qilinayotgan nishonlariga zarbalar bergani sabab bo‘lgan. Qobulning aytishicha, zarbalar natijasida tinch aholi, jumladan, bolalar halok bo‘lgan.

Bundan tashqari, Pokiston 2023-yilda hujjatsiz xorijliklarni deportatsiya qilgan. 600 mingdan ortiq afg‘on fuqarolari mamlakatdan chiqarib yuborilgan.

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.