Afg‘onistonda suv toshqini oqibatida 300 dan ortiq odam halok bo‘ldi (video)

Foto: AFP

Afg‘oniston shimoli-sharqida kuchli yomg‘ir natijasida yuzaga kelgan vayronkor suv toshqinlari 300 dan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘ldi, deb xabar beradi DW. “Tolibon” bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 12-may holatiga halok bo‘lganlar soni 315 kishiga yetgan, 1600 dan ziyod kishi jarohatlar olgan.

Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, 10-may kuni boshlangan toshqin Bag‘lon, Tohar va Badaxshon viloyatlariga o‘z ta’sirini o‘tkazgan.

BMT Jahon oziq-ovqat dasturi vakillari ma’lum qilishicha, ofat oqibatida mingdan ortiq uylar vayron bo‘lgan, jabrlangan hududlarning ko‘pchiligiga esa yuk mashinalari yetib bora olmayapti.

Save the Children xalqaro tashkiloti ogohlantirishicha, tabiiy ofatdan ayniqsa bolalar jabr ko‘rmoqda. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, Bag‘lon viloyatining eng ko‘p zarar ko‘rgan beshta tumanida 600 ming aholi yashaydi, shularning 310 ming nafari bolalardir.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.