Lukashenko Belarusda o‘limga hukm qilingan Germaniya fuqarosini afv etdi
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Minsk yaqinidagi temir yo‘l stansiyasi portlatilishi haqidagi ish bo‘yicha o‘lim jazosiga hukm qilingan Germaniya fuqarosi Riko Krigerni afv etdi, deb yozadi Meduza. Bu haqda Lukashenko matbuot xizmatiga aloqador “Pul pervogo” Telegram-kanali ma’lum qilgan.
Krigerga nisbatan chiqarilgan hukm haqida 19-iyun kuni ma’lum bo‘lgandi. Minsk sudi unga bir qator jinoyatlarda ayblov bo‘yicha oliy jazo — otib o‘ldirish jazosini tayinladi. Kriger yollanish, agentura faoliyati, terroristik harakat, “ekstremistik guruh” tuzish, o‘qotar qurol va portlovchi moddalarga nisbatan noqonuniy harakatlar hamda transport vositasi yoki qatnov yo‘llarini qasddan yaroqsiz holatga keltirish kabi oltita modda bo‘yicha aybdor deb topildi.
Bir necha kundan keyin Belarus davlat televideniyesi Kriger haqida syujet e’lon qildi, unda Kriger panjara ortida o‘tirib, bir yil avval yollanma jangchilar xorijiy legioniga sanitar bo‘lib ishga kirish uchun Ukrainaga ketishga qaror qilgani haqida gapirib bergan.
30-iyul kuni Kriger afv etishni so‘rab Lukashenkoga murojaat qilgani xabar berildi. Shu munosabat bilan Belarus prezidenti Krigerning ishi bo‘yicha “sud jarayoni bilan band bo‘lgan odamlarni suhbatga chaqirgan”i ma’lum bo‘ldi.
Sharhlar