Aleksey Navalniyning onasi va advokatlari Salexarddagi morgga kiritilmadi
Aleksey Navalniyning onasi va advokatlari 19-fevral kuni ertalab Salexard shahridagi morgga kirishga urinib ko‘rdi, deb yozadi Meduza. Siyosatchining jasadi katta ehtimol bilan koloniyadan shu yerga olib kelingan.
“Tongda Alekseyning onasi va advokatlari morgga keldi. Ularni ichkariga qo‘yishmayapti. Advokatlardan birini tom ma’noda itarib chiqarishdi. Alekseyning jasadi shu yerdami, degan savolga xodimlar javob bermayapti”, — deya ma’lum qildi Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish.
O‘z navbatida, Rossiya Tergov qo‘mitasi Navalniyning onasi va advokatlariga siyosatchining o‘limi yuz bergan holatni tekshirish ishlari uzaytirilganini bildirgan. “U yana qancha davom etishi noma’lum. O‘lim sababi hamon aniqlangani yo‘q”, — deb yozdi Yarmish X ijtimoiy tarmog‘ida. “Ular yolg‘on gapiryapti, vaqtni cho‘zyapti va hatto buni yashirmayapti ham”, — deya qo‘shib qo‘ydi u.
Eslatib o‘tamiz, Jazolarni ijro etish federal xizmati (JIFX) 16-fevral kuni Aleksey Navalniy Yamal-Nenets okrugi, Xarp qishlog‘idagi koloniyada vafot etganini e’lon qildi. 17-fevral kuni Navalniyning onasi koloniyaga keldi, ammo unga siyosatchining jasadi Salexarddagi morgda ekanini ma’lum qilishdi. Morg yopiq bo‘lgan, onasi va advokatlarga telefon orqali jasad u yerda yo‘qligini aytishdi.
“Mediazona” 18-fevral kuni videokuzatuv kameralari yozuvlari bo‘yicha JIFXning korteji 17-fevralga o‘tar kechasi koloniyaga yaqin bo‘lgan Labitnangi shahridan Salexardga qarab ketganini aniqladi. Jurnalistlar ushbu kortej Navalniyning jasadini olib ketgan bo‘lishi mumkin deb taxmin qilmoqda.
Sharhlar