Qirg‘izistonda yirtqich dinozavrlarning yangi turi topildi
Myunxendagi Paleontologiya muzeyi olimlari qirg‘izistonlik hamkasblari bilan hamkorlikda mamlakat g‘arbidagi Toshko‘mir shahri yaqinidagi tog‘-cho‘l hududida teropod guruhiga kiruvchi yirtqich dinozabrlarning yangi turini aniqladi, deb yozadi “Zakon.kz”.
Jonzotga Alpkarakush kyrgyzicus nomi berildi. Ilmiy nashrda e’lon qilingan maqolada aytilishicha, bu respublika hududida topilgan birinchi teropod dinozavrdir. U qirg‘izlarning “Manas” eposidagi ulkan afsonaviy qush — Alpkarakush sharafiga nomlangan.
Dinozavrning toshga aylangan qoldiqlari taxminan 165 million yil avval, o‘rta yura davrida hosil bo‘lgan Balbansoy tog‘ jinslari qatlamlaridan ajratib olingan. Tahlillar ko‘rsatishicha, dinozavrning uzunligi qariyb to‘qqiz metrga yetgan, shuningdek, u qoshlari — ko‘z kosasi yuqoridagi yirik suyak bo‘rtmalari bilan ajralib turgan.
Yangi tur metriakantozavridlarga tegishli bo‘lib, Sharqiy Osiyo yirik yirtqich dinozavrlari bilan chambarchas bog‘liq. Ular va teropodlarning boshqa muhim guruhlari Janubi-Sharqiy Osiyodan Markaziy Osiyo va Yevropa orqali boshqa qit’alarga ham tarqalgan.
Sharhlar