Ukraina allaqachon AQSH quroli bilan Rossiya hududiga zarbalar bermoqda — AP
Associated Press (AP) agentligi ismi oshkor etilmagan g‘arblik mansabdorga tayanib xabar berishicha, Ukraina armiyasi allaqachon Amerika quroli bilan Rossiya bo‘ylab zarbalar bermoqda. Agentlik maqolasida aniqlik kiritilishicha, Ukraina qurolli kuchlari Amerika prezidenti Jo Baydenning yaqinda o‘zgartirilgan qo‘llanmasiga muvofiq zarbalar berishni boshlagan, deb yozadi “Kommersant”.
Manbaga ko‘ra, UQK AQSH qurolidan “cheklangan darajada” Xarkovni Rossiya zarbalaridan himoya qilish maqsadida foydalangan. Mansabdor UQK aynan qaysi nishonlarga Amerika quroli bilan zarbalar berganiga aniqlik kiritmadi. Bu ma’lumotni respublikachi senator Mayk Raunds tasdiqlagani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, may oyida OAV Jo Baydenning Ukrainaga Rossiya hududiga AQSH quroli bilan, shu jumladan, HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimi va GMLRS raketa tizimlari bilan hujum qilishga ruxsat bergani haqida xabar qildi. Pentagon Amerika quroli faqat Xarkov viloyatida Rossiya kuchlariga javob zarbalarini berishda qo‘llanilishi mumkinligini qayd etdi.
Sharhlar