Shoygu urush tugaydigan “aniq va shubhasiz” sanani ma’lum qildi

Фото: Вадим Савицкий / ТАСС

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Rossiya urushda shu yiliyoq g‘alaba qozonishiga ishonmoqda, deb yozadi “Kremlyovskaya tabakerka” Telegram-kanali. Buni u yaqinda o‘z davrasidagi odamlar bilan muloqot chog‘ida aytib o‘tgan.

“Maxsus harbiy operatsiya tugaydigan aniq va shubhasiz sanani aytishim mumkin — shu yilning noyabr-dekabri. Amerikaning hech qanaqa ko‘magi dushmanimizga yordam bera olmaydi. Bunga ishonchim komil”, — dedi mudofaa vaziri.

Uning fikri Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimovnikidan farq qilmoqda, deyiladi xabarda. U urush yana uch-to‘rt yil davom etadi, deb hisoblaydi. Amerikaliklar Kiyevga harbiy yordamni ma’qullaganidan keyin, ko‘pchilik harbiylar shu fikrga kelgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi ham urush shu yil tugashiga shubha qiladi. “Sergey Kujugetovichning qandaydir o‘z hisob-kitoblari va fikrlari bor. Maxsus operatsiyani bu yil qanday tugatamiz, bilmayman. Axir jiddiy hujum operatsiyalari rejalashtirilmoqda”, — dedi Shoyguning o‘rinbosarlaridan biri.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.