Afg‘onistonning anorli ichimligi Qozog‘istonda tekshiruvdan o‘tkazildi
Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorati qo‘mitasi Royal, Paradise, Mani, Pure, Golden Life anor ta’miga ega alkogolsiz gazlangan ichimliklarni sanitariya tekshiruvidan o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Tengrinews.
Qozog‘iston mutaxassislari ichimliklar solingan bankalarda “tarkibida bo‘yoq moddasi (azorubin E 122) bor” degan ogohlantiruvchi yozuv yo‘qligini aniqladi. Mazkur modda bolalarning faolligi va diqqatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bundan tashqari, qadoqlarda ichimliklarning tarkibi va ozuqaviy qiymati ko‘rsatkichlari, shuningdek, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan.
“Bu ishlab chiqaruvchi (import qiluvchi) tomonidan Bojxona ittifoqi texnik reglamentlarining majburiy talablariga muvofiqligini baholash tartib-taomillari o‘tkazilmaganini ko‘rsatadi”, — deya aniqlik kiritdi vazirlik.
Qo‘mita tekshiruv natijalarini “Atameken” Milliy tadbirkorlar palatasiga yuborgan. Ular savdo korxonalarini tegishli ruxsatnomalarsiz ushbu mahsulotlarni sotib olmaslik haqida ogohlantirishi kerak. Golden Life va boshqa ichimliklarni sotishga hali rasmiy taqiq yo‘q. Qozog‘istonliklar orasida gazlangan ichimlik iste’mol qilgandan keyin zaharlanish holatlari qayd etilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda 3-iyul kuni Afg‘onistonda ishlab chiqariladigan “Oltin hayot” anor ichimligi do‘konlardan olib qo‘yila boshladi. Ish QR Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Kasalliklarning oldini olish va davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati bo‘limining buyrug‘iga binoan amalga oshirilgan. Laboratoriya tadqiqotlari natijalariga ko‘ra, ichimlikda azorubin Ye122 sintetik oziq-ovqat bo‘yoqlari topilgan, bu bolalarning faolligi va e’tiboriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Chakana savdo tarmoqlari rahbarlariga ushbu mahsulotlarni sotishni taqiqlovchi buyruqlar berilgan.
Shundan keyin O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ham ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga munosabat bildirdi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu mahsulotlarning har bir partiyasi (mamlakatda Royal va boshqa nomlar bilan sotiladi) O‘zbekistonga olib kirilganda laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilgan, natijada inson salomatligiga zarar yetkazadigan zararli moddalar aniqlanmagan.
Sharhlar