Apple kompaniyasi elektromobil yaratishdan voz kechdi

Foto: Getty Images

Apple kompaniyasi o‘z elektromobilini yaratishdan voz kechib, sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga e’tibor qaratishga qaror qildi, deb yozadi Bloomberg o‘z manbalariga tayanib. Ularga ko‘ra, 27-fevral kuni kompaniya rahbariyati avtomobil ishlab chiqish bilan shug‘ullanib kelgan 2 ming xodimga o‘z qarorini ma’lum qilgan.

Bloomberg yozishicha, elektromobil yaratishdan voz kechishni Apple’ning bosh operatsion direktori Jeff Uilyams va loyiha uchun mas’ul bo‘lgan vitse-prezidenti Kevon Linch qo‘llab-quvvatlagan. Loyihaga jalb etilgan xodimlar sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha bo‘linmaga o‘tkaziladi — endi bu yo‘nalish kompaniya uchun ustuvor yo‘nalishga aylangan.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, rahbariyat loyihada qatnashaib kelgan yuzlab muhandislar va dizaynerlar bilan qanday ish tutish bo‘yicha bir qarorga kelgani yo‘q. Ularning ba’zilari ishdan bo‘shatiladi, ammo aniq raqamlar keltirilmayapti.

Apple elektromobil yaratishga 2014-yilda kirishgandi, ammo bu jarayonda ko‘p bora qiyinchiliklar yuzaga kelgan. Kompaniya loyiha rahbariyatini va jamoa strategiyasini bir necha marta o‘zgartirgan. Bloomberg qayd etishicha, murakkabliklar kelib chiqishiga haydovchisiz harakatlanish texnologiyasi joriy etilishi ham sababchi bo‘lgan. Ayni paytda so‘nggi oylarda elektromobillarga talab pasaygan.

Apple oxirgi marta avtomobil chiqarishni 2028-yilgacha kechiktirgan edi. Uning narxi 100 ming dollargacha yetishi mumkin edi. Bloomberg manbalari aytishicha, kompaniya rahbariyati loyiha Apple o‘z mahsulotlaridan olayotgan foydani keltira olishiga shubha qilgan. Direktorlar kengashi ham amalga oshmay qolishi mumkin bo‘lgan loyihaga “yuz millionlab dollar sarflash” zaruriyati qarshisida ikkilangan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.