AQSHning Yevropadagi harbiy bazalari teraktlar xavfi tufayli xavfsizlik choralarini kuchaytirdi
AQSHning Yevropadagi bir nechta harbiy bazalari ehtimoliy teraktlar xavfi tufayli, yuqori shaylik holatiga keltirildi, deb yozadi “Kommersant”.
CNN telekanali ikki nafar amerikalik mansabdorga tayanib ma’lum qilishicha, 30-iyun kuni Germaniyaning Shtutgart shahridagi Amerika bazalarida shaylik “Charli” darajasigacha oshirilgan. Shtutgartda AQSH qurolli kuchlarining Yevropa qo‘mondonligi bosh qarorgohi joylashgan.
“Charli” xavf darajasi bazada terakt ehtimoli, xodimlar yoki obyektlarga nisbatan tahdid yuzaga kelgani haqida razvedka ma’lumotlari olingan taqdirda qo‘llaniladi.
Manbalardan biri aytishicha, Amerikaning Yevropadagi harbiylari bunday xavf darajasi bilan kamida o‘n yildan buyon yuzma-yuz kelmagan. Bu shuni bildiradiki, Amerika qo‘mondonligi “faol ishonchli tahdid” tasdig‘ini olgan.
Aynan qanaqa razvedka ma’lumotlari xavfsizlik choralari kuchaytirilishiga olib kelgani noma’lum. CNN qayd etishicha, Yevroittifoq hukumati avvalroq futbol bo‘yicha Yevropa chempionati va Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari chog‘ida potensial terrorchilik xavfi haqida ogohlantirgan edi.
Sharhlar