8 oy ichida AQSH chegarasida qariyb 3 ming o‘zbekistonlik ushlab qolingan
O‘tgan 8 oy ichida AQSH chegarasida qariyb 3 ming nafar o‘zbekistonlik ushlab qolingan. 2023-yil 1-oktabrdan buyon AQSH chegarasini 57,2 ming nafar noqonuniy muhojir bosib o‘tgan, shularning 2,9 mingi O‘zbekiston fuqarolaridir. Bu haqda Fox News AQSH Chegara-bojxona xizmati ma’lumotlariga tayanib xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, qo‘lga olinganlarning umumiy sonidan 30 ming kishi Xitoy, 8,9 mingi Hindiston va 7,8 mingi Turkiya fuqarolaridir.
2021-yildan 2023-yilgacha bo‘lgan davrda 13,6 ming O‘zbekiston fuqarosi AQSHga Meksika orqali o‘tishga uringan. Bunday ro‘yxatda Turkiya 30,8 ming kishi yetakchilik qildi, undan keyin Mavritaniya (15,5 ming kishi), uchinchi o‘rinda esa O‘zbekiston joylashdi.
O‘zbekistonlik noqonuniy muhojirlar AQSHga asosan “O‘zbekiston — Turkiya (Ispaniya) — Boliviya — Kolumbiya — Meksika — AQSH” yo‘nalishi bo‘yicha borishga uringan.
Sharhlar