AQSh Gruziya hukumatining “antidemokratik qadamlari” sababli mamlakatga taqdim etilishi kerak bo‘lgan 95 mln dollar yordam mablag‘ini to‘xtatdi

Фото: RFE/RL

AQSh ma’muriyati Gruziyaga avvalroq Kongress tomonidan tasdiqlangan 95 million dollar miqdoridagi moliyaviy yordamni o‘tkazish to‘xtatilganini e’lon qildi. Bu haqda Davlat kotibi Entoni Blinken Davlat departamentining rasmiy saytida ma’lum qildi.

Blinkenning eslatishicha, 23-may kuni u Gruziya hukumatining “antidemokratik qadamlari” tufayli AQSh va Gruziya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik to‘liq qayta ko‘rib chiqilishini e’lon qilgandi. Ushbu ko‘rib chiqish natijasida Gruziya hukumatini qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘lgan 95 million dollar mablag‘ni muzlatishga qaror qilindi.

Blinken, shuningdek, Gruziya hukumatining xatti-harakatlari NATO va Yevropa Ittifoqiga a’zolik uchun zarur bo‘lgan standartlarga javob bermasligini ta’kidladi. Biroq, yordamning to‘xtatilishi Gruziya xalqini qo‘llab-quvvatlash, demokratiya, qonun ustuvorligini, mustaqil ommaviy axborot vositalari va iqtisodiy o‘sishni mustahkamlashga qaratilgan boshqa Amerika tashqi yordam dasturlariga ta’sir qilmaydi.

Ikki tomonlama munosabatlarning o‘ttiz yildan ortiq davom etgan davrida Qo‘shma Shtatlar Gruziyaga 6,2 milliard dollardan ortiq yordam ko‘rsatdi, jumladan armiya va qirg‘oq xavfsizligini jihozlash va o‘qitish, shuningdek, maktablar, kasalxonalar qurish va mutaxassislar tayyorlash borasida ko‘maklashdi.

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.