AQSH Navalniyning o‘limi munosabati bilan Rossiyaga qarshi “sanksiyalarning yirik paketi”ni tayyorlamoqda
Oq uy 23-fevral kuni Aleksey Navalniyning o‘limi va Ukrainadagi urushga ikki yil to‘lishi munosabati bilan Rossiyaga qarshi sanksiyalarning yirik paketini e’lon qiladi. Bu haqda AQSH Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi ma’lum qildi, deb yozadi Meduza.
“Rossiya hukumati dunyoga qanday hikoyani so‘zlab berishga qaror qilishidan qat’i nazar, shu narsa aniqki, prezident Putin va uning hokimiyati Navalniyning o‘limi uchun javobgardir”, — dedi Kirbi. U AQSH Rossiyadan Navalniy o‘limi yuz bergan holat bo‘yicha “to‘la shaffoflik”ni talab qilishini qo‘shib qo‘ydi.
Cheklovlar, uning so‘zlariga ko‘ra, “Rossiyani Navalniy bilan yuz bergan hodisa uchun va uning Ukrainadagi urush chog‘idagi harakatlari uchun javobgarlikka tortishi kerak”. Kirbi qo‘shimcha qilishicha, yangi sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotini “bo‘g‘ish” bo‘yicha davom etayotgan xatti-harakatlarga asoslanadi, shuningdek, Navalniynign vafoti bilan bog‘liq bir nechta muayyan cheklovlarni o‘z ichiga oladi, ammo u tafsilotlarga to‘xtalmadi.
Eslatib o‘tamiz, Yamal-Nenets okrugi bo‘yicha JIFX boshqarmasi 16 fevral kuni Navalniy koloniyada vafot etgani haqida e’lon qildi. Siyosatchining jasadi o‘lim yuz bergan holatni o‘rganish bahonasi ostida uning oilasiga berilmayapti.
Avvalroq Yevroittifoq va AQSh yetakchilari RF prezidenti Vladimir Putin Aleksey Navalniy qamoqxonada vafot etgani uchun javobgar bo‘lishini ma’lum qilgandi. Kremldagilar buni izohlar ekan, sudtibbiyekspertlar xulosalari hali bo‘lmagani sababli, bayonotlarni “haddidan oshish va mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan” deb atadi.
Aleksey Navalniyning ukasi Oleg Navalniy yana qidiruvga berilgani ma’lum bo‘lgan edi.
Siyosatchining bevasi Yuliya Navalnaya esa Rossiyadagi saylovlarni tan olmaslikni va sanksiyalar rejimini yanada samaraliroq qilishni talab qildi.
Sharhlar