AQSh qit’alararo ballistik raketani sinovdan o‘tkazdi
AQSh harbiylari “Minitmen-3” qit’alararo ballistik raketasini sinovdan o‘tkazdi, deya xabar beradi AQShning Kaliforniyada joylashgan “Vandenberg” kosmik kuchlari bazasi matbuot xizmati 6 noyabr kuni.
Harbiylarning ma’lumotlariga ko‘ra, Harbiy-havo kuchlari va Harbiy-dengiz kuchlari uchuvchilari qo‘shma guruhi mahalliy vaqt bilan soat 23:01da (Moskva vaqti bilan 6 noyabr kuni 10:01) yuklanmagan ballistik raketani uchirgan. Sinov AQShda 5 noyabr kuni mamlakat prezidentini saylash uchun saylov uchastkalari yopilganidan keyin ko‘p o‘tmay o‘tkazilgan.
Matbuot xizmatining bayonotida aytilishicha, sinovlar “mamlakatning qudratli salohiyatiga urg‘u beradi”. Baza rasmiylarining ta’kidlashicha, bu Qo‘shma Shtatlar “21-asr tahdidlarini” samarali tarzda ushlab turishga qodirligini ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan muntazam sinov.
“Shunga o‘xshash sinovlar 300 martadan ko‘proq o‘tkazilgan va bu sinov hozirgi dunyo voqealarining oqibati emas”, – deya ta’kidlaydi matbuot xizmati. AQSh harbiy-havo kuchlari ushbu sinov bir necha yil oldin rejalashtirilganini qayd etadi.
Sharhlar