AQSH Rossiya bilan Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish haqida muzokaralar olib bormagani ma’lum qilindi
AQSH hukumati rossiyalik hamkasblari bilan Ukrainadagi nizoni to‘xtatish masalasida muzokaralar olib bormagan. Bu haqda Davlat departamenti matbuot xizmati “RBK”ga ma’lum qildi.
“Biz “Ukrainasiz Ukraina haqida hech narsa” tamoyiliga sodiqmiz. Biz Ukrainaning o‘z hududini berishga majburlanishini qo‘llab-quvvatlamagan bo‘lardik. Rossiya bu urushni to‘xtatish yo‘li Vashington orqali o‘tadi, deb o‘ylashi mumkin. Bu, albatta, noto‘g‘ri”, — deyiladi Davlat departamenti xabarida.
Muassasa qo‘shimcha qilishicha, Rossiya ochiqcha shaklda nizoni yakunlashga qiziqish bildirayotgani haqida ishoralar yuborgan, ammo Rossiya hukumati o‘zining dastlabki talablaridan voz kechishni ko‘zda tutuvchi “qandaydir muzokaralarga kirishish”ga tayyorligini ko‘rsatuvchi alomatlar yo‘q.
Avvalroq Reuters 2023 yilda Putin omma oldida va vositachilar orqali, xususan, Moskvaning Yaqin Sharqdagi arab sheriklari yordamida Vashingtonga Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligiga ishora qilgani haqida xabar bergandi.
Ammo AQSH Rossiya prezidenti Vladimir Putinning nizoni vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yish (muzlatib qo‘yish) maqsadida Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifini rad etgan.
Sharhlar